Toshkentda haydovchi nogiron fuqaroni bosib ketib, uni “shantaj”da ayblagani aytilmoqda (video)

3-sahifa

image

QALAMPIR.UZ’ga joriy yilning 20 aprel kuni Toshkent shahridagi Taras Shevchenko ko‘chasida 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro A.G. (ayol) o‘zining boshqaruvidagi BYD rusumli avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, bolaligidan nogiron (soqov) fuqaro T.U.ni bosib ketgani va bugungi kunda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmay, uni “shantaj” qilishda ayblayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi. 

Qayd etilishicha, T.U.ning chap oyog‘i bir necha joyidan singan, mushak paylari uzilib, ko‘p miqdorda qon yo‘qotgani oqibatida shoshilinch ravishda 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Oradan roppa-rosa bir oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, sog‘lig‘i tiklanmayotgan T.U. Toshkent shahridagi turli shifoxonalarda davolanishni davom ettirishga majbur bo‘lmoqda. 

Fuqaroni urib yuborgan haydovchi dastlab jabrlanuvchining holidan xabar olib turgan bo‘lsa, bugunga kelib, T.U. mashina tagiga atayin “yotib” olganini ayta boshlagan.

“Avtomashina egasi A.G. (ayol) dastlabki kunlarda 1-2 marotaba dori-darmondan yordam bergan bo‘lsa, bugungi kunda moddiy yordam berishdan umuman bosh tortib, nogiron T.U. davolanayotgan shifoxonaga kelib, uning atayin “yotib” olganligini vaj qilib, shifokorlarga qo‘rqitish bilan do‘q-po‘pisa qilib, uni shifoxonadan tezroq chiqib ketishini talab qilmoqda”, deyiladi murojaatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda ham T.U.ning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar mavjud bo‘lib, shifokorlar kelgusida uning yurib ketishi ehtimoli kam ekanini aytmoqda. Shifoxonada davolanish pulli bo‘lgani sababli jabrlanuvchi T.U.ning qarindoshlari uni davolash uchun boshqalardan qarz so‘rashga majbur bo‘lmoqda.

QALALMPIR.UZ vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot multimedia markazi boshlig‘i Nilufar Isaxonova bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Hozirda jinoyat ishi tugatilib, o‘rnatilgan tartibda sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada tanishini ataylab mashinada bosib o‘ldirgan shaxs 8 yil 6 oy muddatga qamalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shantaj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing