Toshkentda havo ifloslanishi keskin ortdi

Jamiyat

−

image

Bugun, 19 oktyabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havo sifati indeksi 154 AQI ko‘rsatkichini tashkil etib, “nosog‘lom” (qizil) darajada qayd etildi. Bu haqda IQAir xalqaro havo sifati monitoringi platformasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt havosida asosiy ifloslantiruvchi modda PM2.5 mayda zarrachalari bo‘lib, uning konsentratsiyasi bir kub metr havoda 60 mikrogrammni tashkil etgan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining PM2.5 bo‘yicha yillik tavsiya etilgan me’yoridan 12 barobar yuqori.

IQAir tavsiyalariga ko‘ra, havo ifloslangan paytda ochiq havoda jismoniy mashqlar qilishdan saqlanish, xonaga iflos havo kirishining oldini olish uchun derazalarni yopib turish lozim. Tashqariga chiqishga to‘g‘ri kelsa, himoya niqobidan foydalanish, uy ichidagi havoni tozalash uchun esa havo tozalagichni ishga tushirish tavsiya etiladi.

Platformaning soatlik prognoziga ko‘ra, bugun kun davomida Toshkentda havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Xususan, soat 10:00 da havo sifati indeksi 146, 12:00 da 129, 15:00 da 103, 18:00 da esa 76 bo‘lishi prognoz qilingan. Kechki soatlarda ko‘rsatkich yanada pasayib, 21:00 ga kelib 42 ga tushishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, AQI – havo sifati indeksi bo‘lib, havoning ifloslanish darajasini ko‘rsatadi. IQAir qo‘llaydigan AQSH indeksida 0–50 oralig‘i yaxshi, 51–100 o‘rtacha, 101–150 sezgir guruhlar uchun nosog‘lom, 151–200 esa nosog‘lom deb baholanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing