Toshkentda harbiy xizmatni o‘tayotgan 24 yoshli yigit vafot etdi
3-sahifa
−
25 iyul 2023
17857Toshkentda muddatli harbiy xizmatdagi 24 yoshli yigit vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, asli samarqandlik bo‘lgan yigit joriy yilning mart oyida Toshkentga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun kelgan. U shu yilning 27 iyun kuni pnevmoniyadan vafot etgan.
Ammo marhumning yaqinlari uning o‘limi bilan bog‘liq sababga shubha bilan qaramoqda.
“Mening ukam 2023 yil 14-mart kuni muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun ketgandi. 26 iyun kuni ukangizning mazasi yo‘q, harbiy gospitalga tushib qoldi, kelmasangiz bo‘lmaydi, deb telefon qilishdi. Ukam bilan 24 iyun kuni gaplashgandik. Sog‘lig‘idan shikoyat qilmagandi. Shifokor uni ko‘kargan holatda kelganini aytyapti. Unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bizga o‘zidan ketib qoldi deyishdi. Uni o‘zidan ketish jarayoni, harbiy gospitalga kirib borishi tasvirlangan video kerak. Shu bilan qiziqyapmiz”, deydi marhumning akasi.
Shuningdek, marhumning akasi shu paytgacha ukasining sog‘lig‘ida hech qanday muammolar bo‘lmaganini aytgan.
“Ukamning tanasida shilinib ketgan joyi bor ekan, rasm va videoga olganmiz. O‘z ajali bilan o‘lmagan. Nimanidir yashirishyapti. Yuz sohasida barmoq izi bor, og‘zining ichi ham shilingan. Ukam kelganidan keyin to‘yini qilamiz, degan yaxshi niyatlarimiz bor edi. Kuyovlik nasib etmadi”, deydi marhumning akasi.
Respublika harbiy prokuraturasiga ko‘ra, marhum Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan.
Hozirda holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 19 yoshli askar vafot etgandi.