Toshkentda hamshiralarning oyligidan Qizil yarim oy jamiyatiga pul bosib qolinyapti
3-sahifa
−
24 dekabr 2021
7409Kecha, 23 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinika hamshirasining o‘z oylik maoshidan 1 foizini O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati fondiga o‘tkazishga roziligi haqida yozgan arizasi tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ariza E.T. ismli hamshira tomonidan poliklinika bosh shifokori N.S. nomiga yozilgan.
“Mening dekabr oyi ish haqimdan 1 foizini Qizil yarim oy jamiyatiga o‘tkazishingizga roziman”, deyilgan arizada. Xat so‘ngida 22 dekabr sana sifatida ko‘rsatilib, imzo chekilgan.
SSV Matbuot xizmatining qayd etishicha, holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘rilishi ta’minlanadi.
“Shu o‘rinda vazirlik tizimda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodimning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun kerakli barcha choralar ko‘rishini ma’lum qiladi. Qolaversa, sohada mehnat qonunchiligi talablari buzilishiga, xodimlarning ish haqidan asossiz va majburiy tarzda turli ushlanmalar ushlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi munosabatda.
Ma’lumot uchun, agar tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinsa yoki ish haqidan noqonuniy ushlab qolinsa, vazirlikning 71-241-16-40 telefon raqamiga murojaat qilishi mumkin.
LiveBarchasi