Toshkent viloyatidagi maktabda o‘quvchining onasi janjal ko‘tardi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 2-umumta’lim maktabida bir o‘quvchining onasi sinfxonada janjal ko‘targani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati izoh berdi.   

Qayd etilishicha, mazkur maktabning 3-sinf o‘quvchisi Ye.V. joriy yilning 19 noyabr kuni maktabga borayotganda qor yog‘ib, ko‘chalar suv bo‘lgani uchun suvga tushib ketib, oyog‘i ho‘l bo‘lgan. Maktab yoshlar yetakchisi zalda V.Ye.ning oyog‘i ho‘l bo‘lganini ko‘rib, sinfxonaga olib kirgan va o‘quvchini sinf rahbari Feruza Qo‘shmatovaga topshirgan. Sinf rahbari o‘quvchining salomatligidan qayg‘urib, bolani uyi maktabga yaqin bo‘lgani sababli oyoq kiyimlarini almashtirib kelish uchun uyiga jo‘natgan va avtomobil yo‘lidan o‘tkazib qo‘ygan.

Bolaning onasi A.N. o‘g‘lini oyog‘i ho‘l holatda uyiga qaytib kelganini ko‘rib, nima bo‘lganini so‘raganida, o‘g‘li sinfdoshlari suvga itarib yuborgani, shuning uchun oyog‘i ho‘l bo‘lganini aytgan. Ona o‘g‘lining poyabzal almashtirmagan holda qaytarib, maktabga olib kelgan va baqirib, janjal ko‘targan. Maktab ma’muriyati darhol o‘quvchiga quruq kiyim va paypoq berib, ustini almashtirgan.  

Sinf rahbari, maktab psixologi, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari onaga sinfxonada janjal ko‘tarmasligini, sinfdan tashqarida muassasa rahbariyati bilan birgalikda bu masalani hal qilish mumkinligini aytgan, lekin A.N. sinfxonadan chiqmay, o‘quvchilarga tazyiq o‘tkazib, janjalni davom ettirgan. 

Ushbu vaziyatdan maktab direktori xabar topib, tuman Qo‘riqlash xizmati xodimlarini chaqirtirgan, biroq fuqaro huquq-tartibot idoralariga ham qarshilik ko‘rsatgan.

Vazirning Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvidan so‘ng profilaktika inspektorining ish yurituvida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-(tuhmat), 183-(mayda bezorilik) va 194 (militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun fuqaro A.Nosirjonovaga nisbatan to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun 2021 yil 9 dekabr kuni soat 11:45 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tumani sudiga yuborilishi ta’minlangan. 

Shu bilan bir qatorda, sinf rahbari Feruza Qo‘shmatovaga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 197-5-moddasiga muvofiq pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish holati yuzasidan sudga murojaat etish huquqi mavjudligi tushuntirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1051

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing