Toshkent viloyatidagi 12,5 ming xonadon “svet”siz qoldi
Jamiyat
−
28 mart
5547Bugun, 28 mart kuni soat 09:33 da kuchli shamol oqibatida Toshkent shahrida 110 kVli “L-K-D” elektr uzatish tarmog‘i 60 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Piskent, Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida istiqomat qiluvchi 12 ming 550 ta iste’molchi, shuningdek, kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta’minotidan uzilgan.
Hozirgi vaqtda iste’molchilarni boshqa manbalardan ta’minlash choralari ko‘rilayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, soat 10:20 da Chilonzor tumani, 19-daha “Xirmontepa” mahallasida diametri 50 millimetr bo‘lgan past bosimli gaz quvuri katta daraxt shamol oqibatida ildizidan qo‘porilib tushgani bois uzilgan. Oqibatda ushbu hududdagi 16 ta ko‘p qavatli uyning 768 ta xonadoni tabiiy gazdan vaqtincha uzilgan.
"Ayni paytda noqulay ob-havo (qattiq shamol va yomg‘ir) sharoitiga qaramasdan, maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklar bartaraf etilmoqda", deyiladi xabarda.