Toshkent viloyatida yangi IES quriladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “AKSA ENERJI ÜRETIM A.Ş.” (Turkiya Respublikasi) kompaniyasi va “AKSA ENERJI ÜRETIM A.Ş.” (Turkiya Respublikasi) kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida mazkur qarorda belgilangan elektr stansiyani qurish loyihasini amalga oshirish uchun tashkil etilgan korxonasi (keyingi o‘rinlarda Loyiha kompaniyasi deb ataladi) o‘rtasida “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan kombinatsiyalangan siklli elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi o‘rinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirish bo‘yicha Investitsiya kelishuvi imzolangan.

“O‘zbekiston miliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasi (keyingi o‘rinlarda Elektr energiyasini sotib olish shartnomasi deb ataladi) tuzilgan.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Elektr energiyasini sotib olish shartnomasi doirasida quyidagilarga ruxsat beriladi:

•    ishlab chiqariladigan elektr energiyasini olti oy ichida sotib olinishini qoplash uchun majburiyatlar bajarilishini ta’minoti sifatida O‘zbekiston Respublikasining yuqori darajadagi reytingi bo‘lgan tijorat bankining tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz uzoq muddatli xorijiy valyutada bank kafolati Loyiha kompaniyasi foydasiga ochishga;

•    investitsiya loyihasi ehtiyoji uchun tabiiy gaz va texnik suv yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishiga;

•    Loyiha kompaniyasiga texnik suv va tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘ztransgaz” AJ bilan uzoq muddatli shartnomani imzolashga;

•    jalb qilinadigan chet el investitsiyalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarini chet el valyutasiga istisno tariqasida bog‘lagan holda belgilashga.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘ztransgaz” AJ “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish shartnomasida ko‘zda tutilgan hajmlarga va parametrlarga muvofiq Loyiha kompaniyasiga tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berish to‘g‘risida shartnomalarning imzolanishini ta’minlaydi.

Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha kompaniyasiga Elektr energiyasini sotib olish shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarda yerni ijaraga berish bo‘yicha shartnoma imzolagan holda investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga foydalanish uchun yer uchastkasi ajratilishini ta’minlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati IES

Baholaganlar

72

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing