Toshkent viloyatida bog‘cha bolalari ovqatdan ommaviy zaharlandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyalanuvchilari orasida o‘tkir diareya holati qayd etilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Joriy yilning 28 sentyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 23 nafar tarbiyalanuvchisi ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining (37-39 daraja) ko‘tarilishi va tomog‘ida og‘riq shikoyatlari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ulardan 15 nafariga “O‘tkir respirator infeksiya. O‘RI. Funksional diareya” birlamchi tashhisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqizilgan. 8 nafariga esa ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordamdan keyin qoniqarli ahvolda (ota-onalari shifoxonaga yotqizishdan bosh tortishgan) uylariga ruxsat berilgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish va bemorlarni davolash hamda epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘tkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumaniga yuborilgan.

Shifoxonada bemor bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilgan, tegishli laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan. O‘tkazilgan muolajalardan keyin ahvoli yaxshilangan barcha bemorlarga 2 oktyabrga qadar uylariga ruxsat berilgan.

Bemorlardan olingan namunalarning tahlillari natijalariga ko‘ra, ulardan 3 nafarida Shigella dysenteriae sonnei bakteriyalari aniqlangan.

MTTda ichimlik va oqova suv tizimlari, oshxona anjomlari, havo so‘ruvchi ventilyatsiya tizimi, hojatxonalar sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq amal qilinmayotgani aniqlangan.

Bundan tashqari, MTTda faoliyat yuritayotgan xodimlardan, 4 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

MTTda taomlar (sutkalik namunalar)  va oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona anjomlari va yuzalaridan olingan namunalarda ichak tayoqchalari guruhiga mansub bakteriyalar aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish hamda kelgusida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasida ovqatdan zaharlanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Maktabgacha ta’lim vazirligiga xat kiritilgan.

2022 yil 30 sentyabrdan 8-MTTning ish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan hamda MTT direktoriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing