Toshkent viloyatida bankir 100 ming dollar bilan ushlandi
3-sahifa
−
12:04 1692 2 daqiqa
Toshkent viloyatida bank bo‘limi boshlig‘i 16 gektardan ortiq yer va yana 4 gektar maydonni rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan 4 mln 250 ming dollardan 100 ming dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda nufuzli banklardan birining Toshkent viloyatidagi mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘ining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Aniqlanishicha, u 2024 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn auksion orqali o‘z otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida sotilgan, Quyichirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish evaziga pul talab qilgan.
Bundan tashqari, u hokimlik zaxirasidagi 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning uchun xaridordan jami 4 mln 250 ming AQSH dollari so‘ragan. Tezkor tadbir davomida bank xodimi so‘ralgan pulning 100 ming AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona suv ta’minoti“ AJ xodimi 2 mln so‘m evaziga noqonuniy foydalanilgan 8,4 mln so‘mlik ichimlik suvi bo‘yicha dalolatnomani yo‘q qilib berishni va’da qilib, pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangandi.
Live
Barchasi