Toshkent viloyatida 2 tadan IES va GES quriladi – Prezident

Jamiyat

image

Xalq deputatlari kengashi sessiyasida Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalish va vazifalar muhokama qilindi. Unda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda avvalo aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish masalalariga e’tibor qaratilgan. Viloyatdagi 1 ming 48 ta mahalla bilan manzilli ishlab, “o‘sish nuqtalari”ni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan.

Shuningdek, 2021-2022 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami qiymati qariyb 120 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 108 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ta’kidlangan. Ularning 1 ming 60 tasi hududiy, 48 tasi yirik tarmoqlar loyihalaridir. Bularning natijasida 52 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Davlat rahbari kon-metallurgiya, energetika, to‘qimachilik, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm viloyat iqtisodiyotida asosiy drayver bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Jumladan, joriy yilda Turkiya kompaniyalarining 450 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga Qibray tumanida umumiy quvvati 710 Megavatt bo‘lgan ikkita issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, Bo‘stonliqda 1 milliard 48 million dollar sarmoya evaziga, jami quvvati 540 Megavatt bo‘lgan ikkita gidro elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga viloyatda 14 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish, foydalanilmayotgan 18 noruda konlar negizida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Chirchiq shahrini zamonaviy innovatsiyalar va investitsiyalar shahriga aylantirish, shu namuna asosida viloyatning boshqa shaharlarini ham kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

16 ming gektarda bog‘ va tokzorlar tashkil etish, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Ijtimoiy sohalarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktablarni ta’mirlash, 4 ta tumanlararo tibbiyot markazi tashkil etib, gemodializ xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Ko‘p qavatli uylar, yo‘llar, ichimilik suvi tarmoqlari qurib, qishloq va mahallalardagi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ma’lum qilingan.

Mutasaddi rahbarlar Prezident aytgan ustuvor vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari oldida hisobot bergan.

Davlat rahbari shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan suhbatlashib, ular bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing