Toshkent viloyati “zamhokimi” lavozimini $200 mingga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimiga ishga joylab qo‘yish uchun 200 ming AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan er-xotin ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, fuqaro O.Q. ismli ayol Toshkent viloyati IIBga A.D. hamda F.M. ismli shaxslar o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlash uchun pul talab qilayotganini bildirgan. 

A.D. hamda F.M. ismli shaxslar O.Q.ga diplom haqida attestat tayyorlab berishi, dastlab viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligiga, keyinchalik hokim o‘rinbosari lavozimiga tayinlash evaziga jami 200 ming AQSH dollari so‘ragan. Ular bo‘nak sifatida ish boshlanishidan avval 130 ming AQSH dollarini talab qilishgan. 

Ariza yuzasidan o‘tgan yilning 13 oktyabr kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida F.M. Toshkent shahri Chilonzor tumanida ayoldan 130 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasida A.D. hamda F.M.ga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28-modda orqali 211-modda 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, ish Qibray tuman sudiga yuborilgan. 

Toshkent viloyati sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining xulosasiga ko‘ra, A.D.ga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (54 mln so‘m) jarima va 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. 

Shuningdek, F.M. ga 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, BHMning 100 baravari (27 mln so‘m) jarima va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

628

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing