Toshkent viloyati hokimligi xodimi pora oldi
3-sahifa
−
15 noyabr 2025 7882 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 8400 dollar pora olgan yuriskonsult ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning dekabr oyida Toshkent viloyatining Bekobod tumanida foydalanishga topshirilgan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi bo‘yicha prokuratura tomonidan qurilishga oid tekshiruv ishlari olib borilganda, 176 mln so‘mlik kamomad aniqlangan va qurilishni amalga oshirgan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hujjatli taftish tekshiruvi tayinlangan.
Bundan boxabar bo‘lgan Toshkent viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi bosh yuriskonsulti o‘zining mansabdor tanishlari orqali taftish tekshiruvi natijalarini ijobiy hal qilib berish evaziga MCHJ rahbaridan 8400 dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh yuriskonsult kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida 500 dollar pora olgan Majburiy ijro byurosi xodimi qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi