Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev senator etib saylandi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Oliy Majlis senati a’zoligiga saylandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bugun, 15 noyabr kuni Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida viloyatda bo‘shab qolgan o‘ringa Oliy Majlisi Senati a’zosi saylovini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma majlis bo‘lib o‘tgan.

Majlisda Markaziy Saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev nomzodni saylash to‘g‘risida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot bergan.

“Saylov kodeksiga ko‘ra, majlisga rais etib Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farhodbek Umarov saylab olindi. Shundan so‘ng majlis reglamenti, majlis kotibiyati, qo‘shma majlis ishini yuritish bo‘yicha hay’at a’zolari, Maslahatlashuv kengashi, sanoq komissiyasi a’zoligi nomzodlari ovozga qo‘yildi hamda deputatlar tomonidan tasdiqlandi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Shundan so‘ng yashirin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tgan.

Sanoq komissiyasi xulosasiga ko‘ra, qo‘shma majlisda 643 nafar deputat ishtirok etib, ovoz berish jarayonlarida ularning barchasi qatnashgan.

Qo‘shma majlisda deputatlarning 641 nafari nomzodni yoqlab ovoz bergan. Natijada Zoyir Mirzayev mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylangan.

Ma’lumot uchun, Zoyir Mirzayev 1968 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2010-2016 yillarda Samarqand viloyati hokimi, 2016-2018 yillarda Bosh vazirning o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lgan. 2019-2021 yillarda esa Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida ishlagan. 2021 yilda Toshkent viloyati hokimi etib tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing