Toshkent viloyati hokimi qonunni buzgani uchun hayfsan oldi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
15310Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovga yer ajratishda qonunni buzgani uchun hayfsan berildi. Bu haqda kecha, 17 dekabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripovning tegishli farmoyishi chiqarildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Farmoyishda aytilishicha, Toshkent viloyati va Qibray tumani hokimlarining yuridik shaxslarga yer uchastkasi ajratish yuzasidan qabul qilgan qarorlarida qonunchilik talablarining buzilish holatlari aniqlangan. Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash, shuningdek, bu borada hududlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida hokimlarga intizomiy jazo berilgan.
Xususan, Toshkent viloyatining hokimi Rustam Xolmatov va Qibray tumani hokimi Mira’zam Mirqosimovga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi e’lon qilingan hamda ular kelgusida bunday holatlar takrorlangan taqdirda, egallab turgan lavozimida qolishi masalasi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilgan.
Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov zimmasiga yuklangan.
LiveBarchasi