Toshkent Markaziy Osiyo sammitiga tayyor

Jamiyat

image

Bugun, 15 noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu formatda ilk bor Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov ham ishtirok etdi. 

Ertaga, 16 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Tashqi ishlar vazirlari ertangi sammit oldidan kun tartibini kelishib oldi. 

Bu formatdagi birinchi sammit 2018 yil 15 mart kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tgan bo‘lsa, 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkentda, 2021 yil 6 avgustda Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida, 2022 yil 21 iyulda Qirg‘izistondagi Cho‘lponotada,  2023 yil 14 sentyabrda Tojikistonning Dushanbe shahrida va 2024 yil 9 avgustda Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Endi navbat yana Toshkentga keldi.

So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi. Birgina O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildagi 2,4 milliard dollardan 2024 yilda 7,2 milliard dollarga yetdi.

Markaziy Osiyo aholisi 80 millionlik marradan o‘tdi, BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib, bu ko‘rsatkich 100 milliondan oshadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri bo‘lib, aholisining o‘rtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.

Vazirlar kun tartibidagi muhim masalalarni kelishib bo‘lgach, uch davlat o‘rtasidagi muhim hujjat imzolandi. Yodingizda bo‘lsa, 2025 yil 31 mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev, Imomali Rahmon va Sadir Japarov uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani imzolagandi. Bu hujjatning imzolanishi xalqaro tashkilotlar va kuch markazlari tomonidan ham e’tirof etildi. Oradan 7 oydan vaqt o‘tdi va uch davlat ham ushbu shartnomani ratifikatsiya qilib bo‘ldi.
2025 yil 15 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirodjiddin Muxriddin mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi Shartnomaning ratifikatsiya yorliqlari bilan almashish to‘g‘risidagi Bayonnomani imzoladi.

Shunday qilib, Toshkent sammitga tayyor. Qatnashuvchi davlat yetakchilari ham O‘zbekistonga yetib keldi. Tadbir munosabati bilan ayrib ko‘chalar vaqtincha avtomobillar uchun yopilishi ma’lum qilingan. 16 noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov-Botir Zokirov ko‘chalari chorrahasidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab, Islom Karimov-Furqat ko‘chalari chorrahasigacha vaqti-vaqti bilan yo‘l qisman yopiladi. Shuningdek, soat 9:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov-Furqat chorrahasidan Furqat ko‘chasi ikkinchi darajali yo‘l bo‘ylab Xadra maydonigacha yopilib, haydovchilar Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev sammit BMT Imomali Rahmon Markaziy Osiyo Sadir Japarov Sirodjiddin Muxriddin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing