Toshkent ko‘chalarida yurish emas, suzish kerak…mi?
Jamiyat
−
02 noyabr 2022
6901Yog‘ingarchilik mavsumi endi boshlandi. Afsuski Toshkent shahri ko‘chalari bir necha soatlik yog‘ingarchilikka ham dosh berolmadi. Bugun, 2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar, Toshkent shahar ko‘chalari suvga to‘lgani tasvirlangan videolarga to‘ldi. QALAMPIR.UZ tezkor jamoasi Chilonzor tumanidagi Toshkent halqa avtomobil yo‘li, “Chinni bozor” atrofidagi toshqinlarni borib ko‘rdi.
Toshkent halqa avtomobil yo‘li 543-yo‘l bo‘limi boshlig‘i Jahongir Jumaboyevning ma’lum qilishicha, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi kuz-qish mavsumiga allaqachon tayyorgarlik ko‘rgan. Uning aytishicha suv to‘planishining asosiy sababi, suv borib quyiladigan “Bo‘ri jar” kanalining yopib yuborilganida.
“Yo‘l loyihalashtirilganda, suv oqova tizimi inobatga olinadi. Aynan M-39B “Toshkent halka avtomobil yo‘li (THAY)” avtomobil yo‘lining 0 - 0+200 km oralig‘i, “Chinni bozor” atrofidagi barcha suvlar Zangiota tumanidagi “Bo‘ri jar” kanaliga quyulishi ko‘zda tutilgan. Yomg‘ir yog‘ishi oqibatida yo‘llarni suv bosishining asosiy sababi, “Bo‘ri jar” kanali yopib qo‘yilgan. Biz bu haqda kecha xabar topdik va bugun Zangiota tuman hokimligiga xat bilan murojaat qildik.
Yog‘ingarchilikka tayyorgarlik ko‘rish davomida atrofdagi barcha ariqlar tozalangan edi. Bizni tashkilot tomonidan barcha kerakli ishlar amalga oshirilgan. Hozir suv tortish uskunasini joylaymiz, shu uskuna yordamida yo‘lni suvdan tozalaymiz” deydi, Toshkent halqa avtomobil yo‘li 543-yo‘l bo‘limi boshlig‘i Jahongir Jumaboyev.
Yo‘l-yo‘lakay suv toshqini sabab tirbandlikda vaqtini yo‘qotgan haydovchilar fikri bilan qiziqdik. “Soliq to‘lovchi sifatida Toshkent shahrining drenaj, suv oqova tizimidan rozimisiz?” deb bergan savolimizga, ular quydagicha javob berishdi:
“Umuman rozi emasman. Ahvolni qarang, hamma joy suv”.
“Voobe” noroziman, hamma joy tirband, yurib, ishlab bo‘lmaydi”.
“Roziligim “0”. Ahvolni ko‘rib turibsiz, yurib bo‘lmaydi”.
“Noroziman, deb ham aytolmayman. Mutasaddilar ham ataylab qilishmaydi-ku. Bu oddiy hol. Bu toshqinlardan aziyat chekayotganlar – haydovchilar”.
QALAMPIR.UZ jamoasi Yunusobod tumani 7-daha va shu tumanning “Mega Planet” savdo markazi atrofida ham bo‘ldi. Afsuski, bu tumanda ham ahvol og‘ir.
Drenaj tizimidagi muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lmadi. Bir necha yildan buyon bu muammo bilan kurashiladi ammo… Har yili yoz mavsumi tugashi arafasida tuman va shahar hokimliklari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik olib borilayotgani haqida jar solishadi. Afsuski, og‘izdagi ishlarning natijasini yomg‘ir yog‘ganda ko‘ryapmiz. Bu ketishda suv bosgan poytaxt ko‘chalarida suzishga ham to‘g‘ri kelmasa bo‘lgani.
Xalq bilan muloqot o‘rnatishga uringan, lekin shinam ofisidan chiqolmay o‘tirgan hokimbuvalardan tumani hududini piyoda aylanishlarini iltimos qilamiz. Ha aytgancha, ETIK kiyib olish yodingizdan chiqmasin.
LiveBarchasi