Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi
Jamiyat
−
25 mart 2740 2 daqiqa
Bugun, 25 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat tobora kuchayib bormoqda. O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratmoqda.
“Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart”, deydi Prezident.
Joriy yilda 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish, ularga zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, qo‘shimcha qulayliklar va eng muhimi, ishonchli hamda shaffof biznes muhitini ta’minlash zarur.
Shu bois, taqdimotda mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan. Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi.
Live
Barchasi