Toshkent xalqaro investitsiya forumiga kimlar kelishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
09 iyun 5584 2 daqiqa
Bugun, 9 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshlaydi. Unda 8 ming nafar delegat, shu jumladan 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Forumda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, BRICS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef va boshqalar qatnashadi.
Shuningdek, forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zlaydi. Davlat rahbari global xavfsizlik chaqiriqlari jahon iqtisodiyotiga o‘tkazayotgan ta’siri tendensiyalarini hisobga olib, hamkorlikning asosiy tamoyillari hamda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy dasturining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildiradi.
Bundan tashqari, forum doirasida birinchi marta Milliy ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.
11 iyun kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 3-yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro investitsiya forumi 4-bor o‘tkazilmoqda. Forum birinchi marta 2022 yil 24-26 mart kunlari, ikkinchi marta 2023 yil 27-28 aprel kunlari va uchinchi marta 2024 yil 2-3 may bo‘lib o‘tgan.
Live
Barchasi