Toshkent xalqaro aeroportida 200 kishi to‘planib qoldi

Jamiyat

image

Kecha, 3 noyabr kuni sayyohlik kompaniyasidan chipta xarid qilgan 200 ga yaqin odam Toshkent xalqaro aeroportida to‘planib qolgani aks etgan video va xabarlar tarqaldi. Ular reyslar jadvaliga kiritilmagan Toshkent-Istanbul yo‘nalishida chipta sotib olgan.

“Uzbekistan Airports” AJ xalqaro aeroportda odamlar to‘planib qolishiga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 200 ga yaqin odam “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi reysida Toshkent – Istanbul yo‘nalishida uchish uchun aeroportga kelgan. Biroq bu reys jadvalda bo‘lmagan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning bari “Asia Luxe Travel” turistik kompaniyasidan chipta sotib olgan.

Qayd etilishicha, Toshkent aeroporti xodimlari turkompaniya va aviakompaniya vakillarini chaqirishgan hamda yo‘lovchilarga reys qoldirilgani haqida ma’lumot berib, yuzaga kegan vaziyatni bartaraf etishlarini talab qilishgan.

Aviakompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sayyohlik kompaniyasi “Uzbekistan Airways” bilan slotni kelishmasdan chiptalarni sotishni boshlagan. Parvoz uchun 200 ga yaqin chipta sotilgan.

Vaziyatni hal qilishga uringan sayyohlik kompaniyasi yo‘lovchilarga suv tarqatib, ularni mehmonxonaga jo‘natish uchun transport tashkil qilgan. Biroq odamlar terminal binosini tark etishdan bosh tortgan. Shunda Transport vazirligi tashabbusi bilan zaxira havo kemasi ajratilib, parvozga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish ishlari boshlab yuborilgan.

O‘z navbatida, “Asia Luxe Travel” turistik kompaniyasi holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Unga ko‘ra, ruxsat beruvchi hujjatlar jarayoni cho‘zilib ketgani uchun Istanbulga uchadigan reys kechikkan. Kompaniya bu orada yo‘lovchilar suv va tushlik bilan ta’minlanganini qo‘shimcha qilgan.

Kompaniyaga ko‘ra, barcha yo‘lovchilar ro‘yxatga olinib, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 20:30 da Istanbulga uchib ketgan. Turkompaniya yuzaga kelgan vaziyat uchun kechirim so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

aeroport

Baholaganlar

360

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing