Toshkent anomal sovuqqa tayyormi?

Bu qiziq

Qattiq kelgan bu yilgi qish ayrim tizimdagi muammolarni yuzaga chiqarib qo‘ydi. Kelgusi hafta kutilayotgan anomal sovuq esa yana qancha kamchiliklarimizni oshkor etishi bizga qorong‘u. Sovuq kuchayar ekan, odamlar ko‘chadagi ayozli havodan emas, piyoda yoki mashinada yurganda muzlagan yo‘llarda sirpanib ketishdan, uylaridagi gaz va elektrda yana uzilishlar bo‘lishidan ko‘proq xavotirda. Poytaxt kutilayotgan anomal sovuqqa qanchalik tayyor? Mazkur savolga Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Rustam Yusupov javob berdi.

“Qor yog‘ishidan oldin boshqarma tizimidagi korxonalar tomonidan jami 183 ta texnika tayyorlangan. Ulardan 53 tasi qum sepuvchi, 50 dan ortig‘i qor tozalovchi mashina hamda samosvaldir”, deydi Yusupov.

Ta’kidlanishicha, birinchi navbatda qum aralashmalari yo‘l o‘tkazgichlar va ko‘priklarga sepiladi, ana shundan so‘ng magistral yo‘llarga. Qor tozalash mavsumida 6 mingdan ortiq ishchi jalb qilinadi. 

“Qumsiz aralashma zaxirasiga keladigan bo‘lsak, hozirgi kunda 12,5 tonna qum-tuz aralashma zaxirasi mavjud. Bu qish mavsumini o‘tkazib olishimizga yetarli”, deydi Rustam Yusupov.

Boshqarma mas’uli Toshkent aholisi va mehmonlariga noqulayliklar tug‘dirmaslik uchun jiddiy tayorgarlik ko‘rilayotgani haqida ham qo‘shimcha qildi.

“Qor yog‘ganda yirik hajmdagi daraxtlarning shoxlari sinib tushish ehtimoli yuqori. Bunga ham boshqarma o‘z hozirligini ko‘rib qo‘ygan. Texnikalar shay holatda turibdi”, deya urg‘uladi mas’ul.

Aytilayotgan tayyorgarlik qay darajada ko‘rilganligi, texnikalarning quvvati qanchalik yetarli ekanligi faqatgina anomal sovuq davrida ayon bo‘ladi.

Akobir Misiraliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing