Toshkent 8371 gektarga kengayadi. Prezident poytaxt chegarasini o‘zgartirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatda yerning hisobini aniq yuritish va undan samarali foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilishlar qilish holatlarining oldini olish, tuman va shaharlarning ma’muriy-hududiy chegaralarini to‘g‘ri belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari tarkibida tuzilgan ishchi guruh tomonidan bu masalada aniq chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, poytaxt va Toshkent viloyatining yer maydonlari, ularning o‘zaro chegara hududlarining joylashuvi chuqur tahlil qilinib, takliflar ishlab chiqildi.

Ma’lumki, Toshkent viloyatining 5 ta tumani – Zangiota, Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari ayrim mahallalari Toshkent shahrining katta halqa yo‘li ichiga kirib qolgan.

Misol uchun, Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli Xonobod mahallasi poytaxtning Sergeli va Bektemir tumanlari orasida, yoki Toshkent shahriga qarashli Ulug‘bek shaharchasi to‘liq Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida joylashgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarining o‘zaro chegara hududlarida ham ko‘plab nomutanosibliklar mavjud.

Shu bois, aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahardan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtga 8371 gektar yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Taqdimotda ushbu takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mutasaddi rahbarlarga yuqoridagi masalalar yuzasidan tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing