Toni Bler O‘zbekistonga ekspert-maslahat ko‘magini taklif etdi
Jamiyat
−
12 noyabr
4751O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 noyabr kuni Baku shahrida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Britaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Toni Bler rahbarlik qilayotgan Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan.
"Sobiq bosh vazir Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar dasturini yuksak baholab, ularni amalga oshirishda ekspert-maslahat ko‘magini taklif etishga tayyorligini bildirdi", deyiladi xabarda.
Institut bilan birgalikda transport yo‘laklarini rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish, xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish, investitsiya siyosati samaradorligini oshirish va boshqa sohalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, sheriklikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish uchun tegishli idoralar ekspertlari darajasida qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Qayd etish joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 noyabr kuni Baku shahrida COP-29 sammiti doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. U Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, ICESCO bosh direktori Salim Al-Malik, Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Polsha Prezidenti Anjey Duda va Gvineya-Bisau Prezidenti Umaru Sisoku Embolo bilan ham qisqa uchrashuvlar o‘tkazdi.