Tom qismi ko‘chib tushgan avtobus ortidan amaldorlar lavozimidan “uchdi”
Jamiyat
−
02 may 2023
21662Toshkentda yangi olib kelingan avtobuslarning tom qismi uzilib tushishi ortidan bir necha mansabdor ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avtobusni ehtiyotsizlik bilan boshqargan avtobus haydovchisi T.N., Avtobus saroyi mas’ul xodimlariga qat’iy chora ko‘rilib, ayrimlariga nisbatan xayfsan intizomiy chorasi ko‘rilgan, boshqalari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Amaldorlarning ishdan olinishiga o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, avtobuslar harakatini xavfsiz tashkil etish choralarini ko‘rish bo‘yicha haydovchilar o‘rtasida yetarli darajada yo‘riqnoma o‘tkazib tushuntirish ishlarini olib bormagani, avtobuslardagi reklama bannerlarini joylashtirilishi va bartaraf etilishiga sovuqqonlik bilan yondashgani hamda yo‘nalishlarga chiqariladigan avtobus va elektrobuslarning ish tartibini to‘g‘ri tashkil etmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Jumladan, "1-Avtobus saroyi" filiali direktori o‘rinbosari , "2-Avtobus saroyi" filiali direktori o‘rinbosari va harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, filial direktorlariga xayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, "7-Avtobus saroyi" filiali direktori o‘rinbosariga xayfsan intizomiy chorasi ko‘rilgan. Reklama joylashtirish bo‘yicha mas’ul xodim ham ishdan bo‘shatilgan. "1-, 2-, 5-, 7-, 8-, 12-, va 18-Avtobus saroyi" filiallari bosh muhandislariga esa xayfsan berilgan.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi