“Tolibon” o‘zbeklarni qiynoqqa solyaptimi? Mirziyoyevning maxsus vakili javob berdi

Jamiyat

image

Xalqaro ommaviy axborot vositalarida Afg‘onistonda yashayotgan o‘zbeklarni qiynoqqa solinayotgani, o‘z ona tilini o‘rganishda qarshiliklarga uchrayotgani haqida tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi.

“Afg‘onistonda yashayotgan o‘zbeklarni qiynash, imkoniyatlarini qisqartirish, o‘zbeklarga o‘zining ona tilini o‘rganishga ruxsat berilmayotgani haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalyapti. Men shuni aytib o‘tmoqchimanki, har safar afg‘onistonlik hamkasblarim bilan uchrashganimda ushbu mavzuga alohida e’tibor beraman va har bir ma’lumotni tekshirib borishga harakat qilaman”, deydi Ismatulla Irgashev.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston Bosh vazirining o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy O‘zbekiston tomonini xotirjam bo‘lishga, mamlakatning shimolidagi barcha o‘rta-maxsus maktablarida o‘zbek tilini o‘rganish dasturi saqlanib qolishiga, shu bilan birgalikda, Termizdagi oliygohda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni davom ettirishga ishontirgan. U shuningdek bu o‘qituvchilar ularga havodek zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Ismatulla Irgashev Afg‘onistonda o‘zbek millatining tilini, madaniyatini saqlab qolish mavzusida mamlakatning yangi Madaniyat vaziri bilan ham gaplashganini aytib o‘tgan. 

“Men “Tolibon” hukumatidagi Madaniyat vaziri bilan ham gaplashdim. U "biz siz bilan avvalgi hukumatimizning til, adabiyot va madaniyat borasidagi barcha kelishuvlariga sodiqmiz, uni davom ettiramiz. Masalan, afg‘on yerlarida bo‘lgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Mashrabning qabrlarini siz bilan birgalikda obod qilamiz. Bu masalalar doimiy nazoratimizda bo‘ladi”, deb ta’kidladi”,  deya Irgashev Afg‘oniston rasmiyi bilan bo‘lgan muloqotini yodga solgan.

Ma’lumot o‘rnida, avval ham “Tolibon” Afg‘onistonda o‘zbek tilining rasmiy maqomini bekor qilgani haqida turli xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holatga oydinlik kiritib, mamlakat “Tolibon” rasmiylari bilan doimiy aloqada ekani hamda o‘zbek tili rasmiy til sifatida qolishi haqida xabar bergandi. 


Maqola muallifi

Teglar

qiynoqqa solish

Baholaganlar

720

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar