“Tolibon” Turkiyaga talab qo‘ydi

Olam

image

“Tolibon” harakati Turkiyadan NATOga a’zo boshqa mamlakatlar qatorida Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Bu haqda “Tolibon” harakati vakili Suxeyl Shaxin aytib o‘tdi.

“NATO a’zosi hisoblangan Turkiya AQSH bilan 2020 yil 29 fevralda imzolagan bitimimiz asosida Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak”, deydi Shaxin.

Toliblar vakili Afg‘onistonning Turkiya bilan bo‘lajak aloqalariga ham to‘xtalib, shunday degan:

“Turkiya buyuk musulmon davlati. Afg‘onistonning u bilan tarixiy aloqalari mavjud. Kelajakda mamlakatimizda yangi Islom hukumati tashkil etilgandan keyin, u bilan yaqin va yaxshi munosabatda bo‘lishga umid qilamiz”.

Shu orqali toliblar Turkiyaning Afg‘onistonda o‘z qo‘shinlarini saqlab qolish taklifiga rad javobini berdi. Avvalroq Turkiya NATO qo‘shinlari mamlakatni tark etganidan so‘ng, Kobul aeroportini o‘z Qurolli Kuchlari bilan qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha taklif bergandi.

“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiy Anqara ushbu taklifni NATOga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlarining joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Vashingtonga bergan. Turkiyaning taklifi bo‘yicha muhokamalar kelasi hafta NATO sammiti doirasida davom etishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Turkiyaning NATO safida Afg‘onistonda bo‘lib turgan harbiylarining soni 500 nafarni tashkil qiladi. Mamlakat ushbu alyans safiga 1952 yilda qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyida Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1330

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing