“Tolibon” rasmiy Toshkent bilan “Asr loyihasi” rejasini hal qilishga urinyapti – OAV

Olam

image

Joriy yilning may oyi oxirigacha Afg‘oniston O‘zbekiston bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha dala ishlarini boshlamoqchi. Bu haqda “ToloNews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 12 may kuni Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqi O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri rahbari Sardor Umurzoqov bilan onlayn muzokara o‘tkazgan. Ular ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l rejasini yakunlash masalasini muhokama qilgan.

Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Baxt-ur-Rahmon Sharafatning aytishicha, Transafg‘on temir yo‘li qurilishida olg‘a siljish bo‘lib, bir oy ichida uni o‘rganish boshlanadi.

“Texnik guruhlar shu oyda o‘z ishini boshlashi kutilmoqda, hozir barcha bo‘limlarda bu masala muhokama qilinyapti”, dedi Baxt-ur-Rahmon Sharafat.

Rejaga ko‘ra, Mozori Sharifdan yo‘nalish Samangan, Pul-ye-Xumri, Qobul, Logar va Jaloloboddan o‘tib, Pokiston bilan chegaragacha boradi. Uning uzunligi taxminan 600 km bo‘ladi.

Transafg‘on temir yo‘lining amalga oshirilishi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lash va ular o‘rtasidagi savdo-sotiqni osonlashtirishga yordam beradi. Afg‘oniston Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdul Latif Nazariyga ko‘ra, uning sharofati bilan Afg‘oniston mintaqaviy markazga aylanadi va qashshoqlik muammosini hal qila oladi.

“Afg‘oniston-Turkmaniston-Pokiston temir yo‘li Afg‘onistonni mintaqaviy markazga aylantirishi va mamlakatda ish o‘rinlari yaratish hamda qashshoqlikni kamaytirishda muhim rol o‘ynashi mumkin”, degan Abdul Latif Nazariy.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston yangi transport yo‘lagi: Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi. 

U Yevropa Ittifoqini, Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

421

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing