“Tolibon” Pokistonga tahdid qildi (video)
Olam
−
11 Oktabr 8839 2 daqiqa
Pokiston Afg‘onistonga nisbatan tajovuz qilsa, buning oqibati og‘ir bo‘ladi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumati a’zosi – tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida so‘z ochdi.
U Pokiston tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi hujumlarni qabul qilib bo‘lmas holat deb atagan va Islomoboddan muloqot yo‘lini tanlashni so‘ragan.
Muttaqiyning aytishicha, chegaradagi olis hududlarda hujum sodir etilgan. U bu harakatni Pokiston tomonidan “noto‘g‘ri qadam” deb baholab, “muammolarni bunday yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini” ta’kidlagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni “muloqot uchun eshikni ochiq qoldirgan”, Pokiston esa “o‘z muammolarini o‘zi hal qilishi kerak”.
“Afg‘oniston 40 yillik urushlardan so‘ng tinchlik va taraqqiyotga erishdi. Hech kim bunga qarshi bo‘lmasligi kerak. Biz mustaqil millatmiz. Agar bizda tinchlik bo‘lsa, bu boshqalarga nega tashvish beradi?”, degan “Tolibon” vakili.
U, shuningdek, Qobul qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga intilayotganini, biroq bu faqat o‘zaro hurmat va tenglik asosida mumkinligini ta’kidlagan.
“Biz Hindiston va Pokiston bilan eng yaxshi munosabatlarni istaymiz, lekin bu bir tomonlama bo‘la olmaydi. Afg‘on xalqining jasoratini sinab ko‘rish kerak emas. Kim bunga urinishni istasa, SSSRdan, AQSHdan va NATOdan so‘rasin – ular Afg‘oniston bilan o‘yin o‘ynashning oqibati qanday bo‘lishini yaxshi biladi”, degan Muttaqiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Siston-Balujiston viloyatida joylashgan Saravon tumanining Kaleh Grand chegara hududida afg‘onistonlik er-xotin mina portlashi oqibatida halok bo‘lgandi. Er-xotin hech qanday ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilmagan mina maydoniga kirib qolgan. Shundan so‘ng, portlash oqibatida ikkisi ham voqea joyida halok bo‘lgan.
Live
Barchasi