“Tolibon”ning megaloyihasi O‘zbekistonni suvsiz qoldirishi mumkin – ekspertlar

Tahlil

image

Markaziy Osiyoda azaldan murakkab bo‘lgan transchegaraviy suvlar masalasi yana keskinlashdi. Afg‘oniston Turkmaniston bilan chegaradosh Balx viloyatida ulkan Qo‘shtepa kanalini qurish loyihasini faol amalga oshirmoqda. Bir yil avval kanal qurilishi boshlanishi e’lon qilingan edi. Joriy yilning mart oyi boshida afg‘on rasmiylari qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi, uning ko‘lami qo‘shnilarni nafaqat hayratga soldi, balki jiddiy xavotirlarga ham sabab bo‘ldi. Bu haqda Moskva davlat universitetining Postsovet hududidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganish markazi mutaxassislari yozdi.

Yangi kanalning uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo‘lishi kerak. Kanal Amudaryoning Balx viloyati Kaldar tumanidagi qismidan boshlanadi. Kanal uchun suv xuddi shu daryodan olinadi. Kanalning o‘tkazuvchanligi soniyasiga 650 kub metrni tashkil qiladi.

Loyiha Milliy taraqqiyot kompaniyasi tomonidan davlat mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati taxminan 684 million dollarni tashkil etadi. Quruvchilar rejasiga ko‘ra, kanal Balx, Jauzjon va Faryob viloyatlarida 3 million jerib (1 jerib – 2000 kvadrat metr) yerni sug‘orish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi. “Tolibon”ga ko‘ra, loyiha qurg‘oqchil hududlarni suv bilan ta’minlashga yordam beradi, bu esa qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga turtki bo‘ladi. Hozirda kanal qurilishiga 6 mingdan ortiq kishi jalb etilgan. 

2022 yil noyabr oyining oxirida qurib bitkazilgan uchastkaning uzunligi qariyb 40 kilometrni tashkil etgan. Loyihani yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan.

Mutaxassislar Qo‘shtepa kanali foydalanishga topshirilgach, hududdagi suv havzasi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishidan xavotirda. Shusiz ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan edi. Kanal qurilishi esa vaziyatni yanada keskinlashtiradi.

Qayd etilishicha, ayniqsa O‘zbekiston va Turkmaniston eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Mamlakatlar mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish ishlari uchun oladigan suvning 15 foizini yo‘qotishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyoda suvning asosiy iste’molchisi O‘zbekiston bo‘lib, uning aholisi 36 million kishiga yetgan va o‘sishda davom etmoqda. Bundan tashqari, respublikadagi suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.

Qobul loyihalari butun Markaziy Osiyo uchun falokatlimi?

Qobul hukumati Qo‘shtepa kanali qurilishi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Afg‘oniston Panj daryosining yozgi oqimining katta qismini to‘plashi mumkin bo‘lgan Dasht-i-Jun gidroelektr majmuasini qurishni ham rejalashtirmoqda. Shu tariqa, “Tolibon” shimoliy transchegaraviy daryolardagi suvning asosiy qismini tortib olmoqchi.

Mutaxassislarning fikricha, bu ikki loyihaning amalga oshirilishi nafaqat O‘zbekiston va Turkmanistondagi iqtisodiy hamda ijtimoiy muammolarga, balki butun Markaziy Osiyodagi ekologik halokatga olib kelishi mumkin.

Gap shundaki, Amudaryo nafaqat Orol dengizi, balki suv omborlari va kanallar uchun ham asosiy manba hisoblanadi. Daryoning quyilish nuqtasiga va Orol qoldiqlariga umuman yetib bormaslik xavfi bor. Noyob tabiatga ega qo‘riqlanadigan hududlar ham obihayotsiz qolishi mimkin. 

Mutaxassislarning fikricha, UNESCO’ning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiruvchi Quyi Amudaryo birinchi bo‘lib zarar ko‘radi. Bu qo‘riqlanadigan hudud Amudaryoning quyi oqimining shimoliy qismida, Orol dengizining avvalgi qirg‘oqlaridan janubi-sharqda joylashgan.

2022 yil oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tolibon” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishga va bu muammoni hal qilishga jahon hamjamiyatini jalb qilishga va’da bergan edi. Ammo vaziyatning murakkabligi shundaki, Markaziy Osiyo respublikalari Afg‘oniston bilan suv taqsimoti bo‘yicha hech qanday kelishuvga ega emas. “Tolibon” ham BMTning “Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi konvensiyasini imzolamagan.
Markaziy Osiyo davlatlarining suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlatlararo komissiyasi ham yelka qisib qo‘ymoqda: ularda ham vaziyatni hal qilishning huquqiy mexanizmlari yo‘q. Rasmiy Qobul bilan muzokara olib borish yoki Afg‘onistonni komissiyaga qabul qilish hozircha mumkin emas, chunki “Tolibon” tan olinmagan hukumat.

O‘tgan yilning noyabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda komissiya ishtirokchilari 2022-2023 yillar uchun mintaqaning beshta davlatining har biri ikkita asosiy daryo – Sirdaryo va Amudaryo havzalaridan suv olish limitlarini tasdiqlagan. Kelishuvga ko‘ra, Amudaryo havzasidan suv olish limiti 55,4 milliard kub metr suvni tashkil etgan. Ulardan eng ko‘p suvni O‘zbekiston – 23,6 milliard kub metr, Turkmaniston esa 22 milliard kubometr suvga ega bo‘lgan. Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning aprel oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilning 22 mart kuni “Tolibon” muvaqqat hukumati “O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida” Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyor ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati Bosh vazir o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar Qobulda O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.

Qobul vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekiston boshqa infratuzilma loyihalari qatori Qo‘shtepa kanali qurilishi samaradorligini oshirish maqsadida Afg‘onistonning texnik guruhlari bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari, Abdul G‘ani Barodar Afg‘oniston xalqaro standartlarga muvofiq hamda Afg‘onistonning imtiyoz va huquqlarini to‘liq hisobga olgan holda Amudaryodan suv olish huquqiga ega ekanligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosarining fikricha, kanal qurilishi ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

“Loyiha tugallansa, tanqis resursning bir qismini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot berishdan o‘zini tiydi va qishloq xo‘jaligi sanoati uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish rejasini ishlab chiqayotgan ko‘rinadi”, deyiladi mutaxassislar bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston suv Tolibon Qo'shtepa kanali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing