“Tolibon”ning diplomatik aloqadagi davlatlari soni 100 dan ortdi

Olam

image

“Tolibon” muvaqqat hukumatining xalqaro diplomatik aloqalari kengayib bormoqda. Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati institutining tadqiqotiga ko‘ra, 2021 yil 15 avgustdan 2026 yil 15 avgustgacha Afg‘oniston 103 ta davlat va xalqaro tashkilot bilan jami 3 ming 651 ta diplomatik aloqani amalga oshirgan. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qobul so‘nggi besh yil davomida qo‘shni davlatlar hamda mintaqadagi yirik kuchlar bilan munosabatlarini sezilarli darajada faollashtirgan. Shu jumladan, Eron, Xitoy, Turkiya, Qatar, O‘zbekiston va Hindiston Afg‘onistonning asosiy diplomatik hamkorlari qatoridan joy olgan.

Siyosiy tahlilchi Hanifxon Karoxelning ta’kidlashicha, Afg‘oniston uchun qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, mamlakat va uning qo‘shnilari bir-biriga ehtiyoj sezadi.

“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid ham Afg‘onistonning islomiy, arab va mintaqaviy davlatlar bilan munosabatlari yaxshi ekanini bildirgan.

“Biz G‘arb davlatlari, shuningdek, avval Afg‘onistondagi urushda ishtirok etgan mamlakatlar bilan ham yaxshi diplomatik munosabatlar o‘rnatishni istaymiz. Urush davridagi siyosat ijobiy yo‘nalishda o‘zgarishi kerak”, degan Zabihulloh Mujohid.

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Rizo Mobalig‘ esa Afg‘onistonning yirik davlatlar bilan mavjud muammolari hal etilmas ekan, kichik va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni to‘liq tartibga solish qiyinligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda hokimiyatni ushlab turgan “Tolibon” harakati yuridik va jismoniy shaxslar, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hamda neft-gaz importiga oid yangi soliq imtiyozlarini joriy etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing