“Tolibon” Mozori-Sharifni egalladi. Marshal Do‘stum ushbu shahar uchun jang qilayotgandi

Olam

image

Avvalroq “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyati ma’muriy markazi Mozori-Sharifga yurish boshlagani haqida xabar bergandik. 

Bugun, 14 avgust kuni toliblar ushbu shaharni qo‘lga kiritdi. Bu haqda harakat rasmiy vakili Zabihullo Mujohid Twitter sahifasida ma’lum qilgan.

“Balx viloyati markazi Mozori-Sharif shahri ham bosib olindi. Bir necha daqiqa oldin shahar ma’muriyati, politsiya hamda razvedka xizmati binosi barcha jihozlari bilan egallab olindi. Ko‘p sonli avtomobil, qurol va uskunalar mujohidlar qo‘liga o‘tdi. Tafsilotlar keyinroq”, deya yozadi harakat vakili. 

Ma’lumot o‘rnida, ushbu shahar O‘zbekistonnig Termiz shahridan atigi 58 km uzoqlikda joylashgan.

Qayd etish kerakki, Afg‘onistonning eng obro‘li shaxslaridan biri Marshal Abdul Rashid Do‘stum general Atto Muhammad Nur bilan Balx uchun kurash olib borayotgandi. Afg‘oniston shimolida katta qudratga ega, deb hisoblangan ikkovlon bugun, Mozori Sharifda “Tolibon”ga qarshilik qilish harakatlari bo‘yicha yig‘in o‘tkazgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda hukumat qo‘shinlari “Tolibon”dan qochayotgani hamda O‘zbekistonga o‘tish maqsadida “Xayroton” chegara postiga yo‘l olgani aks etgan videolavhalar tarqalmoqda. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

495

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing