“Tolibon” ko‘knorini yo‘q qilish kampaniyasini boshladi
Olam
−
31 mart 2023
6929“Tolibon” rasmiylari Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida ko‘knori yetishtirishga qarshi kampaniya boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 30 mart kuni “TOLOnews” telekanali xabar berdi.
“Turli hududlarda allaqachon yuzlab gektar yerlar ko‘knorilardan tozalandi, amaliyotimiz davom etmoqda”, degan Hirot narkotik nazorati bo‘limi rahbari Hayatulloh Ruhoniy.
Qayd etilishicha, ko‘knori maydonlarini yo‘q qilish kampaniyasi o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanishiga oz vaqt qolganida boshlangan. Giyohvand moddalarni nazorat qilish boshqarmasi xodimlariga “Tolibon” maxsus kuchlari hamrohlik qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Hirot viloyati aholisi hukumatni muqobil ekinlar yetishtirishda yordam berishga chaqirgan. Afg‘oniston g‘arbidagi G‘or va Bodg‘is hamda mamlakat janubi-g‘arbidagi Nimroz viloyatlarida ham ko‘knorini yo‘q qilish amaliyotlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” Afg‘onistonda 2021 yil avgustida hokimiyat qo‘lga kiritilishining boshidanoq ko‘knori yetishtirish va afyun tarqalishiga qarshi kurashish niyatini e’lon qilgan. O‘tgan aprel oyida ular Afg‘oniston bo‘ylab ko‘knori yetishtirishni rasman taqiqlagan.
Biroq 2022 yil oxirida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi “Tolibon” davrida Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish 32 foizga oshgani, og‘u o‘simligi 233 ming gektarni maydonga ekilganini ma’lum qilgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy ekin maydonlari Afg‘onistonning janubi-g‘arbiy viloyatlarida to‘plangan – ular ko‘knori yetishtiriladigan umumiy maydonning 73 foizini tashkil etgan, aynan shu yerda hosildorlikning eng katta o‘sishi kuzatilgan.
LiveBarchasi