“Tolibon” ayollarning mashhur milliy bog‘ga kirishini taqiqladi
Olam
−
28 avgust 2023
5499Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat – “Tolibon” ayollarga mamlakatning eng mashhur milliy bog‘laridan biri, markaziy Bomiyon viloyatidagi Bandi-Amir bog‘iga kirishni taqiqladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Taqiq Yomonlik va fazilat vazirligi bog‘ga kelgan ayollar musulmonlar bosh kiyimini noto‘g‘ri kiyganini bildirgandan keyin e’lon qilingan.
Vazir Muhammad Xolid Hanafiy xavfsizlik kuchlariga ayollarning Bandi-Amir bog‘iga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma bergan.
Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch yangi taqiqni allaqachon tanqid qilgan.
“Men ko‘plab afg‘on ayollarining “Tolibon” taqiqi ularga nafas olishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida gapirayotganini eshitdim. “Tolibon” ayollarning ochiq havoda bo‘lib, tabiatdan zavqlanishlariga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rmaguningizcha, bu mubolag‘a bo‘lib tuyuladi”, deydi Xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Xizer Barr.
2009 yilda tashkil etilgan Bandi-Amir milliy bog‘ida uch ming metr balandlikda turkuaz ko‘llar mavjud. Har yili bu bog‘ga o‘n minglab afg‘onlar tashrif buyuradi. Hatto 2001 yildan 2021 yilgacha xorijiy qo‘shinlar va “Tolibon” o‘rtasidagi urush paytida ham u mamlakatdagi eng xavfsiz joylardan biri bo‘lgan.
2013 yilda bu bog‘ afg‘on jamiyatida ayollarga nisbatan munosabatning o‘zgarishi ramziga aylandi, chunki mamlakatda birinchi marta to‘rt nafar ayol inspektor ishga qabul qilindi.
Afg‘onistonda qizlar va ayollarning huquqlarini cheklanishi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” Qobul va Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida go‘zallik salonlarining faoliyatini taqiqlagandi. Bundan tashqari, mamlakatda allaqachon qizlar uchun ta’lim muassasalari, jumladan, maktablar va universitetlar yopilgan. “Tolibon” tomonidan afg‘on ayollarining xalqaro va milliy nohukumat tashkilotlarda ishlashi ham man etilgan. Ommaviy axborot vositalariga esa ayollar ovozi bilan efirga uzatiladigan tijoriy e’lonlarni berish taqiqlangan.
Avvalroq mamlakatdagi ayollar sartaroshxonalariga kosmetika vositalaridan foydalanishda qator cheklovlar joriy etilgandi. Bundan tashqari, afg‘onistonlik ayollar ochiq havodagi restoranlarga borishi ham mumkin emas. Joriy yil aprel oyida nishonlangan Ramazon hayitida, hatto, ayollarning ko‘chaga chiqishi ham taqiqlangandi. Bunday cheklovlar nafaqat ayollarga, balki erkaklarga nisbatan ham joriy qilingan. Masalan, erkaklar uchun ayollarning kiyimlarini tikish taqiqlangan. Shuningdek, Afg‘onistonda ayollarni erkak shifokorlar davolashi ham mumkin emas.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyati ostida so‘nggi paytlarda o‘smir qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan. Shunga qaramay, “Tolibon” yaqinda mamlakat ayollarining “erkin inson” maqomi tiklanganini e’lon qildi.
LiveBarchasi