“Tolibon” Afg‘onistondagi uchta yirik shaharga yoppasiga hujum boshladi

Olam

image

“Tolibon” jangarilari Afg‘oniston janubi va g‘arbidagi uchta muhim shaharni egallash uchun harakat qilmoqda. BBC nashrining yozishicha, hozirda janglar davom etmoqda.

“Tolibon” kuchlari Hirot, Lashkargoh va Qandahor shaharlari yaqiniga yetib kelgan. Qandahor Afg‘onistondagi eng yirik ikkinchi shahar hisoblanadi.

Toliblar sentyabr oyigacha barcha xorijiy qo‘shinlar va asosan Amerika qo‘shinlari olib chiqilishi e’lon qilinganidan keyin Afg‘onistonning turli hududlariga hujumni kuchaytirib, qator tumanlarni egallab oldi. Ammo bu shaharlarning taqdiri butun mamlakat uchun favqulodda muhim hisoblanadi.

Toliblar Afg‘onistonning yarmini, jumladan, Eron va Pokiston bilan chegaradagi daromadli hududlarni egallab olgani aytilmoqda. Qandahordagi deputatlardan biri Gul Ahmad Kamin hozir toliblar shaharni egallab olishi bo‘yicha jiddiy xavf borligini aytgan.

Qandahorni allaqachon o‘n minglab odamlar tark etgan va bu yerdagi gumanitar vaziyat judayam og‘ir. Deputat vaziyat har soat yomonlashayotganini, shahar ko‘chalarida so‘nggi 20 yildagi eng og‘ir janglar olib borilayotganini aytgan.

Afg‘onistonlik siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, Tolibon Qandahorni asosiy markazi deb biladi va uni yana poytaxtga aylantirishni rejalashtirmoqda. Agar shahar boy berilsa, bir nechta qo‘shni viloyatlar ham “Tolibon” nazoratiga o‘tib ketadi.

Unga ko‘ra, toliblar Qandahorga bir necha tomondan yaqinlashmoqda. Janglar shaharning o‘zida olib borilgani va aholi zichligi sababli hukumat askarlari og‘ir artilleriyadan foydalana olmayapti.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

286

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing