AQSHdan qutulgan “Tolibon” Afg‘onistondagi eng yirik harbiy bazani chet el nazoratiga bermoqchi — OAV
Olam
−
06 Sentabr 2021
18799“Tolibon” harakati Afg‘onistondagi eng yirik aviabaza — Bagram nazoratini Xitoyga, Qandahordagi aerodromdan foydalanish huquqini esa Pokistonga berishi mumkin. Bu haqda hind OAV yozmoqda.
Qayd etilishicha, Xitoy va Pokistonning Afg‘onisotonda bunday strategik nuqtalarga ega bo‘lishi Hindiston uchun xavfli va jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Afg‘onistonning Bagram aviabazasidan foydalanish Xitoyga Hindistonning mintaqadagi harakatlarini tiyib turishga va Pekinning Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori ( Ifratuzilma loyihalari to‘plami) xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Pokiston Qandahordagi afg‘on aviabazasiga kirishi bilan, Kashmir zonasida Hindistonga nisbatan harbiy ustunlik hamda Hindiston-Pokiston harbiy mojarosi paydo bo‘lgan taqdirda ushbu mintaqaning bir qismidagi ob’ektlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hind nashrlarining eslatib o‘tishicha, hozirda Pokiston Harbiy havo kuchlari mutaxassislari Afg‘onistondagi beshta aviabazani, shu jumladan Qandahor, Bagram va Qobuldagi aerodromlarni nazorat qilmoqda. Xitoy delegatsiyasi esa “Tolibon”ning yuqori rahbariyati bilan xavfsizlik masalalarini, shuningdek, Bagramdagi bazadan foydalanishni muhokama qilgan.
Xabarga ko‘ra, “Tolibon” amerikaliklar tashlab ketgan harbiy havo texnikalarini Xitoyga o‘tkazishi mumkin. Bu esa mamlakat Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish va Hindistonning AQSHdan sotib olgan samolyotlarini yo‘q qilish vositalarini yaxshilash uchun ishlatiladi.
Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda 200 dan ortiq harbiy samolyot va vertolyotlarni, shu jumladan, Hindiston Harbiy havo kuchlarida ishlatiladigan C-130 Super Hercules harbiy transport samolyotlarini qoldirgan.
Qayd etish kerakki, “Tolibon”ga bosh og‘riq bo‘lgan Afg‘onistonning Panjsher viloyati lideri bugun, 6 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, “bo‘ysunmas” viloyatni egallashda toliblarga xorij harbiylari yordam berganini ta’kidlagan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi