“Tolibon” Afg‘onistonda xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqladi 

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli mamlakatda muomalada bo‘lgan xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqladi. Bu haqda harakat vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.  

“Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va milliy manfaatlar barcha afg‘onlar faqat Afg‘oniston valyutasidan foydalanishini talab qiladi. Islom Amirligi barcha fuqarolar, do‘kon egalari va tadbirkorlarga moliyaviy operatsiyalarda Afg‘oniston valyutasidan foydalanishda davom etishni va chet el valyutasidan voz kechishni buyuradi”, deb xabar bergan Mujohid. 

Hokimiyat qaroriga ko‘ra, qoidabuzarlar javobgarlikka tortiladi. 

“Tolibon” Qobul ustidan nazorat o‘rnatgach, AQSH ko‘rsatmasi bilan G‘arb banklari Afg‘onistonning xorijiy aktivlarini “muzlatib qo‘ydi”, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatdi. O‘shanda Afg‘oniston Davlat bankining aktivlari xorijiy valyutada 9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 7 milliard dollardan ortig‘i AQSH banklarida bo‘lgan. 

“Tolibon” vakili Suhayl Shohinning ma’lum qilishicha, mamlakatning yangi rasmiylari Qo‘shma Shtatlarni Afg‘onistonning xorijiy aktivlarini muzlatib qo‘yishga chaqirgan, chunki bu mablag‘lar aholiga insonparvarlik yordami uchun zarur.

Eslatib o‘tamiz, AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan harbiy operatsiya joriy yilining 31 avgust kuni yakunlandi. Bu bilan birga Afg‘onistondan AQSH harbiylari va fuqarolarini evakuatsiya qilish ham nihoyasiga yetdi. Ahamiyatlisi, amerikaliklar mamlakatni tark etishga ulgurmasidan joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi.

Ma’lumot o‘rinda, 2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi. Biroq, 20 yil davomida to‘plangan harbiy texnikaning katta qismi ushbu davlatda qolib ketdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston valyuta

Baholaganlar

75

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing