“Tolibon” Afg‘oniston poytaxtini qanday egallamoqchi? Harakat rasmiy bayonot bilan chiqdi
Olam
−
15 avgust 2021
16028Hech kimdan qasos olinmaydi. “Tolibon” hamda hukumat o‘rtasida hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish to‘g‘risida muzokara olib borilmoqda. Bu haqda harakatning rasmiy vakili Najibullo Mujohidning Twitter sahifasida e’lon qilgan bayonotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, harakat aynan Afg‘oniston xalqining ko‘magi bilan mamlakatning katta qismini egallab olgan.
“Xalqning ko‘magi bilan mamlakatning hamma joylari Islom amirligi (“Tolibon” qurmoqchi bo‘layotgan davlat) nazoratiga o‘tdi. Biroq, poytaxt Qobul katta va aholi zich joylashgan shahar bo‘lgani uchun Islom amirligining mujohidlari shaharga kuch yoki urush bilan emas, balki tinch yo‘l bilan kirmoqchi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bayonotda hukumat va harakat o‘rtasida muzokaralar olib borilayotgani aytilgan.
“Hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha hukumat va harakat o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Jarayon hech kimning hayoti, mol-mulki va nomusiga hamda Qobul xalqining hayotiga zarar yetkazmasdan, xavfsiz tarzda yakunlanadi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, harakat o‘z qo‘shinlariga poytaxt Qobulga kuch bilan kirmaslikni buyurgan.
“Islom amirligi butun kuchlariga shaharga kirib kelishga urinishdan ko‘ra, Qobul darvozasi oldida turishni buyurmoqda.
Bayonotga ko‘ra, “Tolibon” hatto, hukumatga ishlagan harbiylardan ham qasos olmaydi.
“Biz yana aytamizki, Islom amirligi hech kimdan qasos olmoqchi emas, Qobul ma’muriyatining harbiy va fuqarolik sektorlarida xizmat qilganlarning hammasi kechirilgan va xavfsiz, hech kimdan qasos olinmaydi. Har kim o‘z vatanida, o‘z joyida va uyida qolishi kerak hamda mamlakatni tark etishga urinmang”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hujjatda harakat Afg‘onistonda qanday jamiyat qurmoqchiligi haqida ham so‘z borgan.
“Biz har xil toifadagi afg‘onlarning kelajakda islomiy tizimdagi mas’uliyatli hukumat bilan bo‘lishini xohlaymiz”, deya qayd etilgan bayonotda.
LiveBarchasi