“Tolibon” afg‘on qizlarining o‘rta maktabga qaytishiga va’da berdi
Olam
−
18 Oktabr 2021 5890 2 daqiqa
Afg‘on qizlari tez orada o‘rta maktablarga qaytadi. Bu haqda Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, maktablarda ayol o‘qituvchilarning ishlashi ham taminlanadi.
Shuningdek, o‘tgan hafta Qobulga tashrif buyurgan UNICEF ijrochi direktori o‘rinbosari Umar Abdi ham “Tolibon” harakati tez orada Afg‘onistondagi qizlarning o‘rta maktablarga kelishiga ruxsat berishni va’da qilganini aytgan.
Abdining so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” tayinlagan Ta’lim vaziri uni toliblar barcha qizlarga oltinchi sinfdan keyin o‘qishni davom ettirishlariga ruxsat berish uchun “ramka tamoyillari” ustida ishlayotganiga ishontirgan.
“Hozir, men siz bilan gaplashayotganimda, millionlab o‘rta maktab yoshidagi qizlar ketma-ket 27 kun ta’lim olmaydi”, degan Abdi.
Abdi, shuningdek Afg‘onistonning 34 viloyatining beshtasi — Balx, Jauzjan, Samangan, Qunduz va Uruzg‘onda allaqachon qizlarga o‘rta maktabda o‘qishga ruxsat berilganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida “Tolibon” harakati hokimiyati o‘rnatilgan Afg‘onistonda oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlangandi. Harakat universitetlarda talaba qizlar va yigitlar birgalikda o‘qishini taqiqlagandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
Live
Barchasi