“Tolibon” hokimiyatining ikkinchi kuni: Qobulda benzin tugadi (video)
Olam
−
17 avgust 2021
17758Kecha, 16 avgust kuni “Tolibon” Afg‘oniston poytaxti Qobulni rasman egallanganining ikkinchi kunidayoq shaharda benzin tugadi. Yonilg‘i quyish shoxobchalarida avtomobillar navbati yuzaga kelgan. Ularning orasida harbiy mashinalar, bir qancha tanklar ham bor. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Shuningdek, yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi 50 afg‘onidan ( 6 500 so‘m) 70 afg‘onigacha (9 200 so‘m) keskin ko‘tarildi.
Xabar berilishicha, hozirda butun shahar bo‘ylab harbiy mashinalar ham benzin topa olmayapti. Qobuldagi yirik do‘konlar yopilgan. Ayni paytda Afg‘oniston fuqarolari chuqur qo‘rquvda qolgan, shu sababli ko‘chalarda odamlar ko‘p emas. Endi Afg‘onistondagi vaziyat yanada og‘irlashmoqda.
Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berdi va mamlakatni tark etdi. Keyinroq u qon to‘klishini oldini olish uchun shunday qilganini aytdi.
Boshqaruvsiz qolgan Afg‘oniston harbiylari esa mamlakatdan qochishga harakat qilmoqda yoki toliblarga taslim bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” chegaradagi barcha o‘tish joylarini qattiq nazorat qilishmoqda. Jangarilar Qobulni egallagach, Prezident saroyini ham o‘z nazoratiga olgandi.
Joriy yilning 15 avgustida “Tolibon” siyosiy idorasining rasmiy vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda urush tugaganini va mamlakatda boshqaruv shakli yaqin kelajakda aniq bo‘lishini aytgandi.
Durdona Pirnazarova
LiveBarchasi