Tokioda hukmron partiya shtab-kvartirasiga hujum uyushtirildi
Olam
−
19 Oktabr
1849Bugun, 19 oktyabr kuni 49 yoshli erkak Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi shtab-kvartirasiga yonuvchi modda solingan bir nechta shishani (molotov kokteyli) uloqtirdi. Bu haqda “News Web” nashri xabar berdi.
Tokio politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, erkak mikroavtobusni bino yoniga olib borgan va keyin besh-oltita shishani binoga uloqtirgan. Otilgan narsalarning bir qismi Liberal-demokratik partiya shtab-kvartirasi hududiga tushib, OAV mashinalariga kelib urilgan. Biroq tez orada yong‘in o‘chirilgan va hech kim jabrlanmagan. Shundan so‘ng u taxminan 500 metr naridagi Bosh vazirlik binosiga borib, qarorgoh panjarasini buzib o‘tmoqchi bo‘lgan va tutunli bombaga o‘xshash narsani uloqtirgan.
Bosqinchi voqea joyining o‘zida politsiya tomonidan hibsga olingan. Hozirda u bu ishni nima sababdan uyushtirgani aniqlanmoqda.
“Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, hukmron partiya shtab-kvartirasiga hujum parlament saylovlariga sakkiz kun qolganida sodir etilgan. Saylovlar Liberal-demokratik partiyadagi korrupsiya mojarolari va uning rahbari o‘zgarishi fonida ertaroq o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba 9 oktyabr kuni Vakillar palatasini tarqatib yuborgandi. Parlamentni tarqatib yuborish 27 oktyabrda umumiy saylov o‘tkazish uchun zamin yaratadi. 465 a’zoli quyi palataning tarqatilishi Isibaning lavozimga kirishganidan atigi sakkiz kun o‘tib sodir bo‘lgan va bu urushdan keyingi Yaponiyada eng tezkor shunday holat sifatida qayd etilgan. Bu orqali u muxolifatning so‘nggi daqiqalarda uni to‘xtatishga bo‘lgan harakatlarini yo‘qqa chiqargan. Muxolifat Bosh vazirning noqulay qaroridan norozi bo‘lgan va hukumatga qarshi ishonchsizlik votumi kiritgan.
LiveBarchasi