Tomahawk ham, ruxsat ham bor. Zelenskiydan Putinga so‘nggi ogohlantirish
Tahlil
−
30 Sentabr 18146 7 daqiqa
Bundan bir yil oldin Donald Tramp prezidentlik poygasida kurashayotgan paytda Zelenskiyga yaxshi bir ta’rif bergandi. “U men ko‘rgan eng yaxshi savdogar”. Tramp bu bahoni Ukraina rahbari Rossiya bosqini fonida AQSHga har safar kelganida cho‘ntagini to‘ldirib qaytishiga izohlash uchun aytgandi. Ammo u Oq uyga qaytganidan keyin ba’zi qiyinchilik hamda to‘siqlarga qaramay, Zelenskiy o‘zining “savdogar” nomini oqladi. U hatto Bayden bera olmagan qo‘rol va oldingi AQSH ma’muriyatining jur’ati yetmagan ruxsatni ham olishga yaqin turibdi. To‘g‘ri, ”Tomahawk” raketalari va boshqa kerakli harbiy jihozlar endi AQSH tomonidan tekinga berilmaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu qo‘rolni Vashingtondan olib, u orqali Rossiyaga zarba berishga ham biryo‘la ruxsat olish ham chakana ish emas. Ko‘p ehtimol bilan mazkur qanotli raketalar uchun to‘lovni Yevropa qiladi. Chunki bugun Ukraina to‘laqonli ravishda butun Yevropani himoya qilayotganini deyarli barcha birdek tan oladi. Aslida Kiyev taslim bo‘lmay kelayotgani bugun nafaqat qadim qit’ani balki, Yevroosiyodagi yana bir mintaqani ham qaysidir ma’noda himoya qilmoqda.
Tramp Putinni xavf ostida qoldirmoqda
Zelenskiyning BMT sessiyasiga tashrifi Rossiyaning Ukrainadagi bosqinida katta burilishlarga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chunki Ukraina rahbari Trampni yopiq eshiklar ortida juda muhim masalaga ko‘ndirdi. U AQSH bilan 2500 kmgacha yetib boradigan va juda chuqur zarba berishga qodir bo‘lgan qanotli raketalar masalasini deyarli hal qildi. Bunga faqat Zelenskiyning ustamonligi sabab bo‘lmadi. Tramp Putindan 9 oydan buyon ijobiy javob kutib charchadi. Ko‘p narsani o‘zgartirishi kutilgan Alyaskadagi dabdabali sammitdan ham hech qanday naf chiqmadi. Yevropa liderlari Oq uyga tashrif buyurganida Tramp ular bilan muzokarani to‘xtatib, Putinga qo‘ng‘iroq qilgach, u uchrashuvga tayyor ekanini e’lon qilganidan keyin ham hech nima o‘zgarmadi. Putin barchani sa’y-harakatlarini bir pul qildi. Bu orada Trampning Xitoy va Hindistonga Rossiyadan neft sotib olishini cheklovchi sanksiyalar joriy qilish harakatlari ham o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Shunday ekan, AQSH endi Ukrainaning o‘zi bilan Putinni muzokara stoliga o‘tkazishi mumkin. Vashington holdan toymoqda. Unga Yaqin Sharqdagi jazmanini qo‘llash juda qimmatga tushyapti. Shu bois, endi AQSH uchun Ukrainadagi bosqinini to‘xtatish manfaatli bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin. Oq uy buning uchun Moskvani, xususan,Kremlni tutun ichida qoldiradigan raketani undan uch yarim yildan buyon jabrlanib kelayotgan Ukrainaga topshirishga tayyor. Bu Qo‘shma Shtatlar siyosiy doiralarida keng muhokama qilinmoqda. Xususan, 28 sentyabr kuni AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens “Fox News” telekanaliga bergen intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar masalasi savol ostida qolayotgan bir paytda Vashington Kiyevni Tomahawk raketalari bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi.
“Moskva AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligidagi ikki va uch tomonlama tinchlik muzokaralarini rad etishda davom etar ekan, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga Tomahawk raketalarini yetkazib berishni ko‘rib chiqmoqda. Siz Tomahawk haqida so‘radingiz. Bu borada Prezident Amerika Qo‘shma Shtatlari manfaatlariga mos keladigan yakuniy qarorni qabul qiladi. Men hozir ushbu masalada muzokaralar olib borayotganimizni bilaman”, deydi vitse-prezident.
Ushbu qarorlar Oq uyda Rossiyaning Ukrainaga bosqinini tugatishga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasiga nisbatan sabrsizlik kuchayib borayotgan bir paytda qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, Vens Putin nafqat Zelenskiy bilan, balki Tramp ishtirokida ham muzokaralar olib borishga tayyor emasligini aytdi.
“Oxirgi bir necha hafta ichida biz rossiyaliklar ukrainaliklar bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortganini ko‘rdik. Ular Prezident yoki ma’muriyatning boshqa a’zosi rossiyaliklar va ukrainaliklar bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan har qanday uch tomonlama uchrashuvlarni rad etdi”, deydi Vens.
Ruxsat ham bor
Bu masalada qo‘rolni berish boshqa, undan foydalanishga ruxsat berish esa yana bir alohida masala ekanini ham unutmaslik lozim.
O‘tgan yillar mobaynida AQSH va Ukrainaning boshqa hamkorlari rasmiy Kiyevni harbiy yordam bilan ta’minlashga ta’minladi-yu, ammo unga Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat bermadi. Bu mazlumga zolimdan himoyalanish uchun tayoq berish, ammo u bilan urishni taqiqlashdan boshqa hech narsa emasdi. Albatta bunga o‘zicha xos sabablar bor edi. Masalan, Kreml Ukraina tomonidan Rossiyaga zarba berishda foydalaniladigan qo‘rollar qayerniki bo‘lsa, o‘sha nuqtalar Rossiya uchun qonuniy nishon bo‘lishi haqida tinimsiz ogohlantirib keldi.
Ammo G‘arbdagi bu qo‘rquv 2024 yilning yoziga qadar saqlanib qoldi xolos. O‘tgan yilning ikkinchi qismida Rossiyaning bu do‘q-po‘pisalari o‘z kuchini yo‘qotdi. Davlatlar birin-ketin o‘z qo‘rollaridan Rossiyaga zarba berishga qo‘ygan cheklovlarni olib tashlashga kirishdi. Ammo Rossiyaga chuqur zarba berishga qodir bo‘lgan normal qo‘rol bormidi? Yo‘q. Kiyevga bunday qo‘rol haligacha yetkazib berilmagan. Nafaqat o‘zini, o‘ziga qo‘shib butun Yevropani tish-tirnog‘i bilan himoya qilayotgan Ukrainaga uzog‘i bilan havo hujumidan mudofaa tizimi yetkazib berildi. Bir nechta F16 qiruvchi samolyotlarini aytmaganda, qarshi hujumga o‘tish uchun Kiyev ortida turgan hamkorlaridan hech vaqo olmadi. Xullas qo‘rol bo‘lsa ruxsat yo‘q, ruxsat bo‘lsa qo‘rol yo‘q. Ukraina ancha vaqt shunday qiyn ahvolda qoldi.
Lekin bugun AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainga Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar berish uchun ruxsat berdi. Buni uning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Kelloggdan Ukraina kuchlarining Rossiyaga bunday zarbalar berish mumkinligi haqida Prezidentning pozitsiyasi qanday ekani bo‘yicha savol berilganda, u Tramp bunga qarshilik qilmasligini ta’kidladi. Bugungacha, faqat Kellogg va Vensdan shunday bayonotlar chiqqani yo‘q. Ularga qo‘shimcha tarzda, ayni paytda AQSHdagi ikkinchi shaxs bo‘lib olgan Davlat kotibi Marko Rubioning bayonoti ham Oq uy Rossiyaga chuqur zarba berilishiga qarshi emasligiga ishora qilyapti. Kelloggning eslatishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp bilan uchrashuv chog‘ida Kiyevga Tomahawk raketalarini (2500 km masofagacha uchadi) o‘tkazishni so‘ragan. Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bu borada qaror qabul qilinmagan. Vens avvalroq bu masala muhokama qilinayotganini aytagardi.
Rossiya nima deydi?
Albatta, bunday katta o‘zgarishga Kreml va unda 25 yildan buyon o‘tirgan shaxsning munosabati qiziq. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvagacha yetib boradigan qanotli raketalar masalasiga alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, Ukrainaning Rossiyaga uzoq masofali qurollar bilan zarba yo‘llashga urinishlari “NATO davlatlari u bilan urushayotganini” bildiradi. Kreml zarba berishdagi cheklovlarni bekor qilishni mojaroni hal qilish harakatlariga zid keladigan “juda xavfli” qaror deb ataydi.
Bundan tashqari, belaruslik Lukashenko ham voqealar markazidan o‘rin olgan. U Zelenskiy bilan gaplashmoqchi. Biroq Ukraina yetakchisi Belarus fuqarosini xushlamasligini ochiqladi. U so‘nggi voqealar fonida Putin va Lukashenkoni “past ovozda gapiradigan qariyalar” deb ataydi. Kiyev yetakchisidan Lukashenkonning Putin tomonidan taklif qilingan va Zelenskiy uchun ham foydali bo‘lgan taklif haqidagi bayonotiga munosabat bildirish so‘raldi. U esa qog‘ozga o‘rab: “Qariya Lukashenko bu ishga aralashmasligi kerak” degan mesej yubordi. Shuningdek, Zelenskiy oxirgi yillarda Rossiya va Putinning “pinjiga”kirib ketgan Lukashenkoga uning mamlakati mustaqil davlat ekanini ham alohida eslatdi.
“Lukashenkonning so‘zlariga munosabat bildirishim qiyin. Rostini aytsam, u o‘z dunyosida yashaydi. U shu dunyonini o‘zi qurib olgan, u yerda allaqachon 30 yildan beri yashayapti. Men faqat shuni xohlardimki, u mamlakati mustaqil ekanini yodda tutsin. U o‘z dunyosinida yashaydi, lekin ba’zida Putin ham o‘sha dunyoda yashab turadi. Ular nimadirlar haqida sekin, past ovozda gaplashadi – xuddi qariyalar kabi. Shu bois, bu gaplarga izoh berish qiyin”, degan Zelenskiy.
Shunday qilib, Moskvani nishonga oladigan raketalar Ukrainaga yetib kelishi bugun har qachongidek yaqin. Ammo Rossiyaning hali-hanuz to‘xtash niyati yo‘q.
Hatto o‘sha raketalar haqida gap-so‘zlar avjiga chiqqan mahal ham Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga dahshatli havo hujumlari uyushtirildi, tinch aholi halok bo‘ldi, infratuzilmalar vayron qilindi. Bunday harakatlar oqibatida Rossiya faqat kuch tilini tushunadi, degan haqiqatga bugun deyarli hech kimda shubha qolmadi. Shu bois, Ukrainaga Putin yashiringan Kremlni nishonga olishga qurbi yetadigan raketa zarur. Bunga oz qoldi. Zelenskiy aytganidek, Kremldagilar o‘zlariga yaqin “bombapanohlarni” yaxshi bilishi zarur.
Live
Barchasi