AQSH va Markaziy Osiyo orasi yaqinlashmoqda, Prezident kortejining vahimasi homilador ayolni o‘ldirdi – Midweek

Tahlil

Donald Tramp MO davlatlari rahbarlarini Vashingtonga yig‘ishi mumkin. AQSH qonunchilari Trampni MO bilan yubiley sammit o‘tkazishga chaqirdi.
AQSH va Rossiya Prezidentlari “vaqtni behuda sarflamaslik” uchun Budapeshtdagi sammitni ortga surdi. Kutilganidek ular Donetskning kelajakdagi statusi borasida kelisha olmayapti.

Prezident korteji sabab homilador ayol shifoxonaga yetib borishga ulgura olmagani oqibatida vafot etgani aytilmoqda. Tashqi dunyoga yopiq bo‘lgan Turkmanistondan bunday voqeaga rasmiy munosabat bildirilishi qiyin.

Luvrdan keyin Deni Didro. Fransiyada tarixda qoladigan seriyali o‘g‘irliklar sodir bo‘ldi.

 Hafta o‘rtasiga qadar dunyoda sodir bo‘lgan shu kabi muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan Qalampir.uz’ning Midweek dasturi va biz boshladik.

AQSH Markaziy Osiyoni o‘ziga chorlamoqda

AQSH rasmiylari Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga jiddiy qiziqish bildirmoqda. AQSH–Markaziy Osiyo munosabatlarining keyingi o‘n yillikdagi yo‘nalishini belgilash, ikki o‘rtada turli jabhalarda hamkorlikni kengaytirish uchun kongressmenlar Trampni mintaqadagi davlatlar bilan C5+1 formatdagi yubiley sammit o‘tkazishga undamoqda. AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Xyoyzenga Prezident Donald Trampga diplomatik forumning 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda C5+1 sammitini o‘tkazishga chaqirgan maktub yo‘llashdi.

Maktubda kongressmenlar forumning yubileyi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash va AQSHning mintaqadagi xavfsizlik, iqtisodiyot, “yumshoq kuch” va boshqaruv sohalaridagi strategik manfaatlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat ekanini ta’kidlagan. Qonunchilar, shuningdek, ma’muriyatni Markaziy Osiyo bilan uzoq yillik hamkorlik yo‘nalishlarini mustahkamlovchi aniq sammit natijalari va kelishuvlarni ishlab chiqishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, C5+1 formati 2015 yilda ilk bor tashkil etilgan. Bu AQSHning Markaziy Osiyoning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Dastlab faqat Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida o‘tkazilgan bu yig‘inlar Prezidentlar darajasiga chiqishi uchun 8 yil kerak bo‘ldi. 2023 yil 19 sentyabrda ilk marta davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazildi. Tadbirda AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuxamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashgan.

Ammo C5+1ning AQSH bilan bo‘ladigan yig‘inlari YeI, Germaniya, Yaponiya yoki boshqa yirik davlatlar bilan o‘rnatilgan aloqalardek jiddiy emas. Chunki shu paytgacha AQSH–Markaziy Osiyo sammitlari BMT sessiyalari arafasida tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida o‘tkazib kelingan. 2015 yilda ilk bor Tashqi ishlar vazirlari darajasida ham, 2023 yilda Prezidentlar o‘rtasida o‘tgan sammitlar ham aynan BMT sessiyasi chog‘ida Nyu-Yorkda tashkillashtirib qo‘yilgan. Alohida tayyorgarliksiz, qaysidir xalqaro siyosiy tadbir ichida yoki unga qo‘shib yuboradigan holatlarda o‘tgan.

Lekin bu safar, agar Donald Tramp kongressmenlarning maktubiga ijobiy javob yo‘llasa, AQSH–Markaziy Osiyo sammitining darajasi boshqacha ko‘rinish olishi ehtimoli yuqori. Boisi shuki, bordi-yu ushbu sammit tashkil etilgan taqdirda, uning Vashingtonda o‘tkazilishi ham so‘ralgan. AQSH poytaxtida bunday yuqori darajali sammitlar uchun eng munosib joy esa, albatta, Oq uy bo‘ladi. Bugun esa AQSHning amaldagi rahbari bilan mintaqadagi davlat yetakchilari orasida eng yaxshi aloqalar kim bilan ekani haqidagi bahslarga hojat yo‘q. Shavkat Mirziyoyevning joriy yil BMTning yubiley sessiyasi doirasida AQSHga qilgan tashrifi barcha masalalarga oydinlik kiritdi. Bu orada esa Qozog‘iston Tashqi ishlar idorasida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Keng ko‘lamli ushbu o‘zgarishlar sababi Tramp bilan uchrashuv tashkil eta olmaganlik ekani haqida mish-mishlar urchigandi.

“Vaqtim hayf”

Donald Tramp yana shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygani yaqqol bilinib qoldi. U bir necha kun oldin Rossiya Prezidenti bilan tez orada Budapeshtda uchrashaman, deb dunyoga jar solgandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oq uy rasmiylari OAVga bu uchrashuv yaqin kunlarda sodir bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Ushbu xabarlar tarqalgandan so‘ng Donald Trampning shaxsan o‘zi Putin bilan hali beri uchrashmasligini tasdiqladi. AQSH Prezidenti ochiqchasiga bu vaqtni behuda sarflash ekanini ma’lum qildi. U Putin bilan befoyda uchrashuv o‘tkazishni istamasligini, bu muzokaralar bo‘yicha hali qaror qabul qilmaganini aytdi.

Rossiya esa masalaga yana juda ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Bir qarashda rasmiylardan turli izohlar chiqyapti, ammo ularning Budapeshtdagi sammit qachondir albatta o‘tkazilishi, lekin bu yaqin orada sodir bo‘lmasligiga ishora qilayotgani ko‘rinadi. Masalan, AQSH va Rossiya o‘rtasida ko‘prikka aylangan Kirill Dmitriyev vaqt masalasidagi muammoga OAVni sababchi qilib ko‘rsatdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa ikki rahbar ham vaqtni behuda sarflashni istamasligi, uchrashuv uchun juda puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligini ma’lum qildi. Bo‘lajak mezbon Viktor Orban esa Budapesht sammitiga tayyorgarlik to‘xtatildi, degan xabarlarni rad etmoqda. Vengriya Bosh vaziri uchrashuvga tayyorgarlik davom etayotganini aytdi. Biroq Orban ham sammit qachon o‘tkazilishini bilmasligini yashirmadi.

Xo‘sh, Budapesht sammiti qachon bo‘ladi? Tramp va Putin 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘zaro telefon suhbatidan so‘ng Budapeshtda uchrashishga kelishib olgandi. Aslida, Trampning Oq uyda Zelenskiyni qabul qilgan chog‘ida aytgan gaplariga ko‘ra, bu uchrashuv joriy yoki kelasi haftada o‘tkazilishi kerak edi. Davlat rahbarlaridan avval Tashqi ishlar idorasi turli uchrashuv yoki muloqotlarni amalga oshirib, sammit uchun hozirlanishi aytilgan. 20 oktyabrda esa Rubio va Lavrovning telefon muloqotidan so‘ng Budapesht sammitining kelajagi sog‘liq ostida qoldi. Chunki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH va Rossiya Ukrainani bosqinini to‘xtatish bo‘yicha ilk talablarni ham kelisha olmagan. Ya’ni Moskva Donetskni to‘liq o‘ziniki qilishni istamoqda, AQSH esa barcha harakatlar hozirgi front chizig‘ida to‘xtashi lozimligini uqtirmoqda.

Joriy hafta davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzu ham shu bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Tramp Zelenskiyni Oq uyda qabul qilganida, unga na faqat uzoq masofali raketalar bermagani, balki Donetskdan to‘liq voz kechishga undagani ham aytilgandi. Tramp o‘z chiqishlarida doimo Donetsk yerlarining 78 foizi Rossiya tomonidan bosib olingani, Ukrainada juda kam ulush qolgani haqida gapiradi.

Aslida-chi? Ha, tan olish kerak, Tramp bu borada ko‘p ham adashmayapti. Hozirgi holatga ko‘ra, Ukraina qo‘li ostida ushbu viloyatning uchdan bir qismigina qolgan. Qolgan 67–70 foizi esa Rossiya nazoratiga o‘tib ketgan. Janglar esa aynan Donetskda ancha jiddiy tus olmoqda. Rossiyaning Ukrainaga bosqini hanuz davom etmoqda.

Prezident korteji bir ayolning “jonini oldi”

Diktatorlar haqida so‘z ketganda Turkmanistonning bugungi rahbarlari bu mavzuda alohida e’tibor qozonadi. Masalan, g‘alati mukofotlar, qandaydir musiqiy albomlar, sportga doir yutuqlar va boshqa shunga o‘xshash ko‘ngilochar mashg‘ulotlar Turkmaniston sobiq yetakchisining jon-u dili edi. Bir paytlar Gurbanguli Berdimuhamedov siyosat bilan qachon va qaysi payt shug‘ullanarkin, deb so‘raganlar ham bo‘lgan. Endi Turkmaniston haqida ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q. Mamlakat mustaqillikka erishganidan beri eng katta “yutug‘i” – pandemiya davrida “eng yaxshi ijobiy ko‘rsatkichlarni” qayd etgani bo‘ldi.

Har tomondan germetiklangan bu davlatda inson huquqlari faqat Berdimuhamedovlar oilasi uchun ishlashi esa avvaldan ma’lum edi. Serdar hokimiyatga kelgach, dunyo hamjamiyatida biroz bo‘lsa-da umid paydo bo‘lgandi. Ammo hech narsa o‘zgarmadi. Hammasi o‘z holicha qoldi. So‘nggi kunlarda esa aynan u bilan bog‘liq holatda juda achinarli o‘lim sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Turkmanistondan tashqardagi OAVlar joriy yilning 15 oktyabr kuni Lebap viloyatining Turkmanobod shahrida Prezident Serdar Berdimuxamedov korteji sabab xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘llar to‘sib qo‘yilgani ortidan yetti oylik homilador ayol shifoxonaga yetib borolmagani oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.

O‘sha kuni Berdimuhamedov Turkmanoboddagi Saparmurod Niyozov nomidagi kimyo zavodida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasining poydevorini qo‘yish marosimida ishtirok etgan. Shu munosabat bilan, shahardagi ko‘cha va yo‘llar yopilgan, xavfsizlik va militsiya xodimlari bir necha soat davomida transport va piyodalar harakatini cheklagan. Homilador ayolning eri uni shifoxonaga olib borish jarayonida xavfsizlik xodimlarini to‘xtatib, o‘tishga ruxsat bermagan. Aytilishicha, er tiz cho‘kkan holda yolvorgan, ular esa “xiyobon orqali boringlar” degan. Ular shifoxonaga yetib borishganida esa shifokorlar endi hech narsa qila olmasliklarini aytgan – ayol erining qo‘lida halok bo‘lgan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari erkakning o‘ziga borib, “haqiqatni sir saqlashni” talab qilgan. Mahalliy aholi ma’lumot berishicha, oilaning uyi xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘riqlanmoqda, erkakka esa tahdidlar qilingan. Shifokorlar aytganidek, o‘sha kuni tez yordam mashinalari ham harakatlana olmagan.

Marhumaning turmush o‘rtog‘i Prezident Berdimuhamedovga shikoyat qilib, adolat izlashini hamda voqea haqida OAV va BMTga xabar berishini aytgan. Ammo Ozodlik radiosining Turkman xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kundan keyin xavfsizlikchilar uning uyiga borib, “o‘g‘lingning kelajagi va sog‘ligi haqida o‘yla”, degan tahdidli “maslahat” bergan. Turkmaniston rasmiylari esa, kutilganidek, voqea yuzasidan izoh bermagan.

Fransiyada tarixiy talonchilik – Luvr va Didro soatlar ichida tunaldi

Dunyo Luvr muzeyidagi o‘g‘irlikni hanuz hazm qilib ulgurmasdan, Fransiyada yana bir hayratlanarli talonchilik sodir bo‘ldi. Dastlab, 19 oktyabr kuni Luvrdan o‘g‘irlangan tarixiy va juda qimmatbaxo eksponatlar ro‘yxatiga to‘xtalsak. O‘sha kuni Napoleonning ikkinchi rafiqasi Mari-Luiza to‘plamidan marjon va sirg‘alar, qirolicha Mariya-Amaliya hamda Niderlandiya qirolichasi Gortenziya de Bogarne kolleksiyalaridan marjon, sirg‘alar va tiara, shuningdek, Napoleon III rafiqasi Yevgeniya kolleksiyasidan ko‘ylak bezagi uchun bant va tiara. Yevgeniyaning toji va yana bir bezak buyumini o‘g‘irlar qochish chog‘ida Luvr devori yonida tashlab ketgan.

Fransiyaning Luvr muzeyida sodir etilgan o‘g‘rilik oqibatida yetkazilgan zararning dastlabki bahosi 88 million yevroni tashkil etgani ochiqlandi. Parij prokurori Lora Bekko bu miqdorni “haqiqatan ham hayratlanarli” deb atagan, ammo bu faqat iqtisodiy zarar ekani, tarixiy zarar bilan qiyoslab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘rilar o‘g‘irlangan zargarlik buyumlarini shunchaki eritib, 88 million yevro daromad ololmaydi. U bu fikrni “ma’nosiz” deb baholagan va bu jinoyat muzey qadriyatlarini yo‘q qilmasligiga umid bildirgan.

Fransiya Madaniyat vaziri Rashida Dati ma’lum qilishicha, g‘araz niyatli shaxslar zargarlik buyumlarini atigi to‘rt daqiqada olib chiqishga ulgurgan. Ichki ishlar vaziri Loran Nun’es esa talonchilik yetti daqiqa davom etganini aytgan. Fransiyaning madaniy qadriyatlar noqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘limining sobiq xodimi Korinn Shartrelga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar Antverpen kabi xalqaro olmos savdo markazlariga yetkazilishi ehtimoli yuqori.
Art Recovery International asoschisi Kristofer Marinello esa olmos va oltin qismlarga ajratilib, eritilishi mumkinligini, bu ularning kelib chiqishini yashirishini va muzeyga qaytarish imkonini deyarli imkonsiz qilishini ta’kidlagan. Barcha shov-shuvli o‘g‘irlik bilan ovora bo‘lib turgan paytda, Fransiyada 1 yildan buyon tergov qilinayotgan Telegram asoschisi Pavel Durov Luvrdagi o‘g‘rilikni mamlakatning tanazzuli bilan bog‘lab, o‘g‘irlangan buyumlarni sotib olib, Abu-Dabidagi muzeyga qo‘ymoqchi ekanini aytdi.

Luvrdagi o‘g‘rilik sovib ulgurmasdan, aniqrog‘i undan bir necha soat o‘tib, Langr shahrida joylashgan “Deni Didro ma’rifat uyi” muzeyidan ham noyob eksponatlar o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi. “France Info” radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 20 oktyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Muzey xodimlari 20 oktyabr kuni ertalab eksponatlar yo‘qolganini va buzib kirish izlarini aniqlagan. Hodisa joyiga politsiya yetib kelgan. Talonchilar XVIII–XIX asrlarga tegishli bir necha oltin va kumush tangalar o‘g‘irlab ketishgani ma’lum bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, qolgan eksponatlarga tegilmagan. Shundan so‘ng, muzey Luvr kabi vaqtincha yopilgan. 

Politsiya taxminiga ko‘ra, talonchilar hodisani oldindan rejalashtirgan va Luvrdagi shov-shuvdan foydalanishgan. Langr shahar hokimiyati muzey xavfsizlik tizimi to‘liq yangilanguniga qadar binoga qo‘shimcha kuzatuv joriy etish uchun xususiy qo‘riqchilarni jalb qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Rossiya Frantsiya Donal'd Tramp Putin Yaponiya BMT OAV Turkmaniston N'yu-York Luvr Zelenskiy Lavrov EI Oq uy Vashington Budapesht MO Deni Didro Rubio Serdar Berdimuxamedov Didro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing