TIV voizi BAA aeroportlarida sarson bo‘layotgan o‘zbekistonliklar bo‘yicha munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Oldinroq, Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishda O‘zbekiston fuqarolarining turli qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida xabarlar berilgandi. Ayniqsa, bugun, 5 iyun kuni Abu-Dabida bo‘ladigan BAA-O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni tomosha qilish uchun yo‘l olgan ko‘plab muxlislar, hatto jurnalistlar ham ushbu mamlakatga kiritilmagan. Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, vazirlikka BAA hududiga kirishda O‘zbekiston fuqarolari duch kelayotgan turli qiyinchiliklar, xususan, xalqaro aeroportlarda uzoq davom etgan tekshiruvlar tufayli ushbu aeroportlarda ko‘p qolib ketayotgani haqida qator murojaatlar tushgan. 

“O‘zbekistonning BAAdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan ushbu holatlarni hal qilish maqsadida faol choralar ko‘rilmoqda. Diplomatlar doimiy ravishda vaziyatni monitoring qilib, BAAning immigratsion va boshqa tegishli idoralari vakillari bilan uzluksiz muzokaralar olib bormoqda”, deydi Burhonov.

Bildirilishicha, ushbu muzokaralar fuqarolarning mamlakat hududiga imkon qadar tezroq va muammosiz kirishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, masalani joyida hal qilish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, aeroportlarda yuzaga kelayotgan kechikishlar va tekshiruvlarning sabablari aniqlanmoqda, bu esa masalaning kelib chiqish ildizlarini tushunish va kelajakda bunday holatlarni oldini olishga yordam beradi.

“Fuqarolarimizga imkon qadar qulaylik yaratish maqsadida Abu-Dabi shahridagi elchixonamiz va Dubay shahridagi Bosh konsulxonamiz vakillari doimiy ravishda mahalliy aeroportlarda bo‘lib, hamyurtlarimizga ko‘mak berishmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, bungacha BAA-O‘zbekiston o‘yini yoritish uchun borgan maxsus akkreditatsiyaga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik sport jurnalisti Hasan Turdialiyev BAAga kiritilmaganini va shu sabab ortga qaytganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, yana ko‘plab futbol muxlislari ham shunday muammolarga duch kelayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Toshkent–Sharja reysi bilan Jahon chempionati saralashi doirasidagi O‘zbekiston–Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilish uchun BAAga ketgan 100 dan oshiq o‘zbekistonliklar Sharja aeroportida ushlab turilayotgani xabar qilingandi. Keyinroq, ushbu fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bildirildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari BAA-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing