Tinchlik kengashining G‘azo bo‘yicha 15 bandlik rejasi e’lon qilindi
Jamiyat
−
22 may 1237 3 daqiqa
G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashining oliy vakili, Bolgariyaning sobiq tashqi ishlar vaziri va BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenov Prezident Donald Trampning G‘azo bo‘yicha “Keng qamrovli tinchlik rejasi”ni amalga oshirishga qaratilgan 15 banddan iborat “Yo‘l xaritasi”ni e’lon qildi. Hujjat BMT Xavfsizlik kengashidagi brifingdan so‘ng, uning X sahifasida chop etildi.
Hujjatning 1–5-bandlari mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishning asosiy tamoyillariga bag‘ishlangan. 6–11-bandlar xavfsizlik masalalarini qamrab olgan bo‘lsa, 12–14-bandlar Isroil mudofaa armiyasi – SAHALning G‘azodan bosqichma-bosqich chiqishi va xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarga oid. 15-band esa, G‘azoni tiklash ishlariga bag‘ishlangan.
Rejaga ko‘ra, G‘azo urush va gumanitar inqirozdan tiklanish, qayta qurish va falastinliklar o‘zini o‘zi boshqarishi bosqichiga o‘tishi, keyinchalik esa, mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Hujjatda amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlari doirasida gumanitar yordam, yoqilg‘i yetkazib berish, chegara o‘tkazish punktlari faoliyati va turar joy masalalari bo‘yicha majburiyatlar to‘liq bajarilishi shartligi ta’kidlangan.
Rejaga muvofiq, G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita vaqtinchalik Falastin fuqarolik boshqaruv organiga aylanishi kerak. Xalqaro tuzilmalar esa xavfsizlik, tiklash va fuqarolik boshqaruvi masalalarini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, hujjatda qurolli tuzilmalarni boshqaruv tizimidan ajratish ko‘zda tutilgan. Biroq davlat xizmatchilari va munitsipal xodimlarga nisbatan jamoaviy jazo qo‘llanmasligi qayd etilgan.
Rejada “bir hokimiyat, bir qonun, bir qurol” tamoyili ilgari surilgan. Unga ko‘ra, faqat vakolatli Falastin tuzilmalari xavfsizlik vazifalarini bajarishi va qurol olib yurishi mumkin bo‘ladi. Barcha parallel qurolli guruhlar faoliyati to‘xtatilishi lozim.
Politsiya tizimini isloh qilish, xodimlarni tekshirish va ularning bir qismini yangi fuqarolik tuzilmalariga integratsiya qilish ham rejadan o‘rin olgan. Qurollar esa, Milliy qo‘mita nazoratiga o‘tkaziladi.
Qurolsizlantirish jarayoni bosqichma-bosqich va xalqaro nazorat ostida amalga oshirilishi taklif qilinmoqda. Qurollar Isroilga emas, balki Falastin tuzilmalariga topshirilishi belgilangan.
Hujjatda ichki qirg‘inlar, qurolli namoyishlar, qasos olish va Falastinda guruhlar o‘rtasidagi zo‘ravonliklar taqiqlanishi ham nazarda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlar vaqtincha Isroil va Falastin hududlari o‘rtasida joylashtiriladi. Ular gumanitar operatsiyalarni himoya qilish va o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
SAHALning G‘azodan chiqishi qurolsizlantirishdagi yutuqlar va yangi Falastin boshqaruv tizimlari shakllanishiga qarab amalga oshiriladi.
Hujjatda G‘azoni qayta tiklash jarayoni barqarorlik, ishlaydigan fuqarolik ma’muriyati va parallel qurolli tuzilmalarning yo‘qligiga bog‘liq ekani aytilgan. Reja qanchalik tez amalga oshirilsa, uy-joylar, shifoxonalar, maktablar va infratuzilmani tiklash shunchalik tez boshlanishi ta’kidlangan.
Isroilning 9-kanali bosh muharriri Roman Yanushevskiy esa, mazkur reja amalga oshishiga shubha bildirgan. Uning fikricha, Falastinning HAMAS harakati qurolsizlanishdan bosh tortmoqda va aynan shu holat rejaning eng zaif nuqtasi hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, agar HAMAS ma’muriy vakolatlarni yangi boshqaruv organlariga topshirishga rozi bo‘lmasa, G‘azodagi aholi uzoq vaqt palatkalarda yashashda davom etadi va tiklash ishlari yana noma’lum muddatga kechiktiriladi.
Ma’lumot uchun, Tinchlik kengashi AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan xalqaro mojarolarni hal qilish mexanizmi sifatida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi 2025 yil sentyabrida taqdim etilgan va keyinchalik BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasini amalga oshirishdan iborat edi.
2026 yil yanvar oyida kelishuvning birinchi bosqichi yakunlangan, so‘nggi isroillik garovga olingan shaxsning jasadi qaytarilgan. Biroq keyingi bosqich to‘xtab qolgan.
Nikolay Mladenov 2015–2020 yillarda BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan va Isroil hamda falastinliklar tomonidan ishonchli diplomat sifatida qabul qilinadi.
Live
Barchasi