Til ortidan kelayotgan millionlar
Intervyu
−
21 dekabr 2022
16218O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar rasman 860 ming nafar va ularning 150 mingdan ortig‘ini 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliard kishi nogironlik ro‘yxatida turadi. Yanada aniqroq aytganda dunyo aholisining har oltisidan biri nogironlikdan aziyat chekadi.
Biz bugun nogironligi bo‘lsa-da mehnat va uning ortidan kelayotgan daromadda, qalbidagi shukronalikda to‘rt muchali sog‘lom odamlarga o‘rnak bo‘layotgan oramizdagi odamlardan biri haqida so‘zlamoqchimiz.
Baxtni qimmatbaho uy va katta miqdordagi pullarda ko‘rmaydigan pskentlik Dilmurod Jabborov o‘z honadonini maishiy texnika ta’mirlash ustaxonasiga aylantirgan. 39 yoshli qahramonimiz 1-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, ro‘zg‘orni tebratyapti. Hayratlanarlisi, u qo‘llari bilan emas, tili va tishlari bilan maishiy texnikalar – telefon va televizorlarni ta’mirlaydi. Imkonsizlikdan imkon topayotgan matonat egasi kimningdir qo‘liga qaram bo‘lishni xohlamaydi. Qo‘l-oyoqlarsiz ham harakat qilib, natijaga erishishni maqsad qilgan. To‘g‘ri, avvaliga uy sharoitida bu ishni boshlash oson bo‘lgani yo‘q.
“Bilasizmi, bu ishni boshlashdan oldin menda hech qanday qo‘rquv bo‘lmagan, texnikaga qiziqishim ustunlik kildi. Xohish-istaklarimga, hattoki qo‘l-oyoqlarimdagi nuqson ham to‘siq bo‘la olmadi. Boshida otam xavotir olgan, chunki elektr bilan yonma-yon ishlash baribir xavfli, biroq ularni ham asta ko‘ndirdim”, deydi qahramonimiz.
Barmoqlarsiz ta’mirlanayotgan texnikalar ba’zida og‘irlik qiladi. Biroq qahramonimiz xavfli buyumlarni tishlashdan to‘xtamoqchi emas.
“Ishimni deb bir dona tishimdan ayrildim, shifokorlar to‘xtating deyishdi. Men ko‘nmadim. Kasbim orkali topayotgan daromad bilan onamga, yaqinlarimga yordam berishim kerak”, deydi Dilmurod aka.
To‘kilgan peshona terining bahosi esa oyiga 2 million so‘mdan kam emas ekan. Ko‘proq ishlasa 3 mlnga ham boradi. “Har holda oz bo‘lsa ham barakasi bor”, deydi qahramonimiz.
Xaridorlar ham begona emas. Ko‘ni qo‘shnilari, umuman mahalla ahli uning doimiy mijozi.
“Men uchun asosiysi pul emas, sifatli xizmat ko‘rsatish”, deb kulib quydi u.
Dilmurod aka shogirdlariga kasb sirlarini o‘rgatib, o‘zidan tashqari yana 3 shogirdining qora qozoni qaynashiga sababchi bo‘lyapti. Shogirdlari ham maishiy texnikalarni ta’mirlab, oyiga 1 million so‘mdan ko‘p daromad topmokda.
Kun davomida tishlar qoraysada, ko‘ngilda zarracha g‘ubor yo‘q, u turmushidan mamnun.
“Qiyin bo‘lsa ham o‘rnimdan siljiy olganim , tishlarimda bo‘lsa ham pul topayotganim uchun Allohga ming shukr”, deydi qahramonimiz.
Uyiga doim mijozlarni kelishiga ko‘nikkan qahramonimizning uyiga yolg‘iz bormadik. O‘zimiz bilan tuman hokimligi mutassadilarini hamroh qildik. Dilmurod aka ulardan yangi ustaxona qurib berishlarini so‘radi. Pskent tuman hokimi o‘rinbosari Sarvar Hamdamovning aytishicha, bu qiyin masala emas. U bir vaqtning o‘zida ham ustaxona, ham yashash uchun uy qurib berishni va’da kildi. Belgilangan muddat esa 2023 yilning 20 aprel sanasi.
Sinovlarda sinmagan matonat egasining tez orada yangi uy va ish joyli bo‘lishi, shogirdlarining ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Mas’ullar va’dasi amalga oshib, kelasi safar kelganimizda uni yangi manzilda va o‘zi xohlagandek 4 oyoqli aravada ko‘rishni niyat kildik.
Ushbu xonadonda mehmon bo‘lib, qahramonimizning maishiy texnikalarni qo‘l-oyoqsiz tishlari va tillari bilan ta’mirlayotganini ko‘rib, ko‘pchiligimizning qo‘l-oyog‘imiz boshqalarning og‘irini yengil qilish tugul o‘zimizga ham xizmat qilishga malol kelayotganida, tilimiz bilan esa odamlar qalbini vayron qilayotganimizda, oramizdagi Dilmurod aka esa tili va tishini xayrli ishga, mehnatga, pul topishga sarflayotganidan xursand bo‘lgancha ortimizga qaytdik.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi