“O‘zmilliybank” Jizzax bo‘limi yangi binosi foydalanishga topshirildi

Biznes

image

Tashqi iqtisodiy faoliyat “O‘zmilliybank” Jizzax bo‘limining to‘rt qavatli zamonaviy binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Unda viloyat, shahar hokimliklari, TIF “O‘zmilliybank” respublika boshqaruvi rahbariyati, tadbirkorlar, shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda ushbu bank viloyat bo‘limi tashkil topgan chorak asar davrda hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgani alohida ta’kidlandi.

Birgina shu yilning o‘tgan davrida bank Jizzax bo‘limi 49 ta loyihaga 352,7 milliard so‘m kredit ajratdi. Hozirgi kungacha ushbu loyihalarning 21 tasi ishga tushirilib, 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Jumladan, bankdan “Arnasoy golden teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ajratilgan 30 milliard so‘m kredit hisobiga 323 ta ish o‘rni yaratildi.

Davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda qulay, tezkor va samarali moliyaviy tizimlarni joriy etishga e’tibor qaratayotgan bank bo‘limi o‘z mablag‘idan tashqari, xorijiy moliya institutlarining kredit liniyalaridan ham samarali foydalanmoqda.

Masalan, “Agromir” MCHJ tomonidan intensiv bog‘, meva, sabzavot yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan Dashtobod logistika markazini tashkil etish uchun 8,4 million dollarlik loyihani amalga oshirishga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘i hisobidan 5 million dollarlik kredit berdi. Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan 60 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Ayni paytda ushbu bank kreditidan foydalanib xorijdan zamonaviy texnika va texnologiyalar olib kirib, o‘z biznesini rivojlantirayotgan, mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga salmoqli ulush qo‘shayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotir.

Viloyatda bankning viloyat bo‘limidan tashqari, Mirzacho‘l tuman, Jizzax sanoat hududiy filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda banklar o‘rtasida oshib borayotgan raqobat sharoitida mijozlarga qulay va yuqori sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatining eng muhim yo‘nalishi sifatida takomillashtirilmoqda.

– Strategik rejalarimizga muvofiq rivojlangan mamlakatlar banklari tajribasini o‘rgangan holda qurilgan bino zamonaviy xizmat texnologiyalari bilan jihozlandi, – deydi TIF “O‘zmilliybank” viloyat bo‘limi boshqaruvchisi Akmal Boqiyev. – Yangi binoda mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar mavjud. Bo‘limimiz jamoasi yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib mijozlarga yanada tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatadi.

Yangi binoni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev so‘zga chiqdi.

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zmilliybank

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing