Tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat Shuhrat Yoqubovning aytishicha, tibbiyot tizimi xodimlari O‘zbekiston “Adolat” SDPning asosiy elektorati hisoblanadi. Shuning uchun ularning huquq va manfaatlarini himoyalashga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish, Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining asosiy ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

"Afsuski, so‘nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi, ayrim vaziyatlarda hech qanday aybi bo‘lmasa-da, bemorning o‘limi yoki sog‘lig‘i holati yomonlashishida hech bir sababsiz shifokorni ayblash va unga tajovuz qilish holatlari ko‘payib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2018 yil davomida 400 ga yaqin shunday huquqbuzarlik sodir etilgan. Bu raqamlar o‘z-o‘zidan tibbiyot hodimlarini tajovuzlardan huquqiy muhofaza etish choralarini yanada kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

O‘tgan yilda 39 ta holatda yuqoridagi kabi salbiy holatlar bo‘yicha jabrlanganlar tomonidan tegishli organlarga murojaat qilingan. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda tajovuz qilgan shaxslar javobgarlikka tortilmagan yoki munosib jazo berilmagan. Vaholanki, jinoyat va ma’muriy qonunchiligimizda javobgarlikning muqarrarligi degan muhim prinsip mavjud.

Masalaning yana bir jihati shundaki, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarning rivojlanib ketishi natijasida tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish holatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish holatlari kuzatilmoqda. Bu ham, qaysidir ma’noda, ayni holatga doir salbiy illatlar urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining bir guruh deputatlari  tomonidan tibbiyot xodimlarining huquqiy muhofazasini kuchaytirish, ularga nisbatan sodir etiladigan tajovuzlarga nisbatan yuridik javobgarlikni yanada kuchaytirish maqsadida maxsus qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yangi 1984-modda kiritish taklif etilmoqda. Moddaning nomini biz — “Tibbiyot xodimining kasbiy majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish yoki uning hayoti yoxud sog‘lig‘iga tajovuz qilish” tahririda belgiladik. Ushbu nom huquqbuzarlik mazmunini aks ettirgani uchun, uning dispozitsiyasini – “Tibbiyot xodimining kasbiy majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik, unga faol qarshilik ko‘rsatish, uyatli so‘zlar bilan so‘kish, haqorat qilish, urish, do‘pposlash, qiynash yoki uning hayoti yoxud sog‘lig‘iga tajovuz qiluvchi harakatlarni sodir etish” tahririda bayon etish orqali tajovuz harakatlari kengroq yoritilmoqda.

Moddaning sanksiyasi, ya’ni jazo belgilangan qismi quyidagicha bayon etilmoqda: “eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.

Ayrim huquqshunos ekspertlarda “bunday qonunni qabul qilish shartmi, tibbiyot hodimlariga tajovuz qilinsa, boshqa moddalar bilan javobgarlikka tortsa bo‘ladi-ku?! Masalan, xaqorat uchun javobgarlik bor, tan jarohati yetkazganlik uchun ham tegishli moddalarda javobgarlik belgilangan-ku?” qabilida savollar tug‘ilmoqda. Yoki jamoatchilik orasida “tajovuzlarga ko‘p holatlarda tibbiyot xodimlarining o‘zlari sababchi”, degan qarashlar ham mavjud.

Lekin ayrim vaziyatlarda hech qanday aybi bo‘lmasa-da, bemorning o‘limi yoki sog‘lig‘i holati yomonlashishida hech bir sababsiz shifokorni ayblash va unga tajovuz qilish, uning natijasi tibbiyot xodimlarining keng jamoatchilik o‘rtasidagi obro‘si pasayishiga, shifokorlarning mehnatga munosabati o‘zgarib, o‘z kasbidan bezib ketish holatlari ham uchramoqda. Biz qonun ijodkorlari, ayniqsa, tibbiyot xodimlarining o‘z elektorati deb belgilangan siyosiy partiya vakillari bu borada o‘z so‘zimizni aytishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Aksariyat shifokor ekspertlarimiz javobgarlik choralarining og‘irroq va qat’iy bo‘lishi tarafdoridir. Ular “belgilanadigan jazo choralari yengil bo‘lsa, uning ahamiyati ham bo‘lmaydi”, degan fikrda.

O‘ylaymizki, bu masalani yanada chuqurroq tahlil etishimiz, bunday salbiy holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish ko‘rsatkichlari, tajovuzkorlarga belgilangan jazo choralari hamda ularning ijro etilishi, shuningdek, mazkur noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilanishiga oid xorijiy mamlakatlar tajribasini ham atroflicha o‘rganish talab etiladi.   

Bu normaning qonunga kiritilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarni javobgarlikka tortish emas, balki shunday noqonuniy harakatlar uchun jazo chorasi borligi eslatishdir. Eng ustuvor maqsad esa, salbiy holatlarning profilaktikasidir. Bunday chorani qonunga kiritish, uni keng targ‘ib etish orqali qonunning tarbiyaviy ahamiyati ortadi". deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat Shuhrat Yoqubov.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Shuhrat Yoqubov deputati

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing