Tibbiyot xodimining ishiga aralashganlik uchun jazo tayinlanadi
Jamiyat
−
04 iyun 2022
5372O‘zbekistonda tibbiyot xodimi faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tibbiyot xodimining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, ya’ni tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilganlik, xuddi shuningdek tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish maqsadida unga noqonuniy topshiriqlar berganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Mazkur modda bilan ayblanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga bezorilik jinoyatini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi, shu jumladan, tibbiyot xodimlariga bezorilik oqibatida tajovuz qilganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga, xususan davlat tomonidan tibbiyot xodimlarini turli tajovuzlardan himoya qilinishini ta’minlashga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga, tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarni oldini olishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15