Tezkor: Toshkentda barcha jamoat transportlari harakati vaqtincha to‘xtatildi

Jamiyat

image

22 martdan e’tiboran poytaxt Toshkentda jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda 21 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida ma’lum qilingan. 

Mazkur yig‘ilishning 8-sonli bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tegishli qarori qabul qilingan. 

Unga ko‘ra:

2020 yil 22 martdan e’tiboran mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashuvchilar tomonidan xizmat ko‘rsatiluvchi yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent shahri hududida barcha jamoat transporti (avtobus, metro va yo‘nalishli taksi) harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi;

Yulovchilar gavjum yig‘iladigan maskanlar, metro bekatlarida Toshkent shahrida barcha jamoat transporti harakati vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi;

Shahardagi shifoxonalarning tibbiy jamoasini ishga va uyga tashish uchun, ularning xodimlari soniga ko‘ra, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining buyurtmalari asosida kerakli miqdorda maxsus dezinfeksiya qilingan alohida avtobuslar ajratiladi; 

Jamoat transporti o‘rniga vaqtincha Toshkent shahar Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan maxsus dezinfeksiya qilingan taksilar harakatlanadi. 

Har kuni yo‘nalishga chiqqan har bir taksiga SEOM tomonidan dezinfeksiya qilinganligi haqida ma’lumotnoma berib boriladi.

Mutasaddilarga Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan vaqtda yo‘nalishsiz taksilarda tashish bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan yo‘l haqlarini sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 41 nafarga yetdi

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Jamoat transporti koronavirus

Baholaganlar

357

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing