Tezkor: Navoiydagi koloniyadan erkak kishining o‘ligi chiqqani aytilmoqda. IIV munosabat bildirdi
Jamiyat
−
01 iyul 2020
55171Bugun, 1 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning dilini xira qiluvchi video tarqaldi. Unda erkak kishining o‘lik holatdagi jasadi tasvirlangan. Videoda jonsiz holatda yotgan kishining tanasi momataloq bo‘lib ketgani va juda ozib ketganini ko‘rish mumkin. Ushbu video ostiga esa quyidagi izoh yozib qoldirilgan.
“27 iyun kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasi (Sangorod)dan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani Bahor mahallasida istiqomat qilgan, Navoiydagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 45 yashar mahkum Farruh Xidirovning o‘ligi chiqdi”.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi bilan bog‘landi.
IIV Jazoni ijro etish boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra videotasvirda aks etgan murda 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro Farrux Anvarovich Xidirovga tegishli.
Mahkum Xidirov Farrux Xidirov 1975 yilning 27 noyabrida Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Ma’lumoti o‘rta. Oilasiz, vaqtincha ishsiz, muqaddam 4 marotaba sudlangan. Qamalgunga qadar: Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Bahor MFY, Navro‘z ko‘chasi, 2-uyda istiqomat qilgan.
2018 yilning 18 oktyabr kuni Yangiyo‘l shahar sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi, 164-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘zbekiston Respublikasi JKning 34-moddasiga asosan o‘ta xafli retsidivist deb topilgan.
Joriy yilning 5 iyundan buyon bir qator ichki kasalliklari tufayli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli kasalxonada davolanib kelgan.
Davolanishiga qaramasdan 2020 yil 18 iyun kuni soat 05:45larda, kasalxonaning terapiya bo‘linmasida “O‘pka sili IV klinik bosqichi, limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10 foizdan ortiq kamayishi, diareya" tashxisiga ko‘ra vafot etgan.
Murda prokuratura organlari tomonidan tekshirilgan, tan jarohatlari aniqlanmagan, holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.
IIVdan qayd etishlaricha, videotasvirda ko‘rinayotgan qizarishlar bu murda dog‘i bo‘lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo‘q.
Mahkum Farrux Xidirov kasallik tashxisi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV va SSVning hamkorlikdagi 2008 yil 13 avgust kunidagi 1854-sonli Qarorida ko‘rsatilgan kasalliklar ro‘yxatiga to‘g‘ri kelganligi sababli sud muddatini kutayotgan bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB va may oyida Andijon shahar IIBda o‘tkazilgan tergovlardagi qiynoqlar sabab ikki fuqaro vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni o‘tkazgan videselektor yig‘ilishida ushbu holatni qattiq tanqidga oldi.
LiveBarchasi