Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmoqda
Jamiyat
−
29 avgust 2022
12875O‘zbekistonda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va valyuta namunalarini ekspress aniqlash jarayonida texnik vositalaridan foydalanish tartibi belgilanishi kutilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va valyuta namunalarini ekspress aniqlash jarayonida texnik vositalaridan foydalanish tartiblarini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasida aytilgan.
Qaror loyihasi avvalida qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari hamda valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq kriminogen vaziyat o‘zgacha tus olib bormoqda.
Xususan, turli ko‘rinishdagi giyohvand moddalarning yangi turlari ko‘payib borayotgani, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va qalbaki valyutaning tarqatish yo‘llari ham yangi-yangi usullar bilan amalga oshirib borilayotganligi mazkur tahdidga qarshi kurashishda o‘zgacha yondashuvlar qo‘llashni talab etib bormoqda.
Prezidentning 2022 yil 25 iyuldagi qaroriga asosan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va valyuta namunalarini ekspress aniqlash jarayonida texnik vositalaridan foydalanish tartibini joriy etish hamda ekspress aniqlovchi zamonaviy texnik vositalarni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xarid qilish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Qaror bilan Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ekspress aniqlash jarayonida texnik vositalaridan foydalanish tartibi va Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda valyuta namunalarini ekspress aniqlash jarayonida texnik vositalaridan foydalanish tartibi tasdiqlanadi.
Unga muvofiq 2023 yil 1 iyuldan boshlab, tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirayotgan tezkor xodim:
• giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasi yoki psixotrop moddasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo bo‘lganida;
• aniqlangan modda (buyum)ni giyohvand vositasi yoki psixotrop moddasining qaysi turiga mansubligi bo‘yicha ikkilanganida;
• giyohvand vositasi yoki psixotrop moddasining yangi turlari (analoglari)ni uchratganida;
• tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo bo‘lganida;
• tezkor tadbirlar davomiyligini ta’minlash uchun zarurat yuzaga kelganda tezkorlikni amalga oshirish hamda vaqtini tejash maqsadida, ular aniqlangan joyning o‘zida yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar binosida, xolislar ishtirokida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ekspress aniqlash texnik vositasi yordamida tekshiradi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress aniqlovchi zamonaviy texnik vositalarning zaruratga ko‘ra xaridi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
LiveBarchasi